Insonga berilgan ne'matlardan eng totlisi, shubhasiz, farzand. Ammo afsuski, ota-onalar har doim ham bu ne'mat qadrini va uning mas'uliyatini to‘la anglab yetaverishmaydi. Aynan tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xatolardan, oiladagi nosog‘lom muhitdan bola aziyat chekadi va ular ko‘p hollarda bunga xuddi o‘zlari sababchidek «xulqi og‘ir bolalar» deya ataladi.

Tarbiyasi alohida nazoratga olingan bolalar bilan suhbatlashib ko‘rganmisiz? Ular ota-onalari haqida qanday fikr bildirishadi? Ota-ona va farzand munosabatlarida kelishmovchilik qayerdan boshlanadi? Nega ayrim ota-onalar bolasiga e'tiborsiz, ayrim farzandlar esa eng yaqin insonlarini ko‘p ranjitadi?

Ijodiy jamoamiz bilan Sirdaryo viloyati Baxt shahridagi respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasida bo‘lib, u yerdagi o‘quvchilar bilan suhbatlashish asnosida yuqoridagi savollarga javob izlashga harakat qildik.

Ma'lumot uchun, Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasida 14–18 yosh oralig‘idagi 61 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bu yerda ularga 3 yil davomida ta'lim-tarbiya beriladi.

«Onamning gapi tufayli 2 marta o‘z jonimga qasd qilishga uringanman»

Nikolay, 17 yoshda (Toshkent shahri):

— Bu yerga o‘tgan yili dekabr oyida Toshkent shahridan keldim. Bunga ota-onam bilan kelishmovchilik sabab bo‘ldi. Bu yerga kelganimdan keyin xarakterimda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Tortinmaslikni o‘rgandim, boshqa bolalarga qo‘shilib, o‘z fikrimni bildirib, bilmagan narsamni so‘ray boshladim.

Bu jihat menga kelajakdagi kasbim uchun juda kerak. Kelajakda reklama agenti bo‘lmoqchiman. Ilgari shu sohada ishlab ko‘rganman va buni uddaladim. Bo‘yoq sotganman. Uni kichik sexda tayyorlardik. Tayyorlagan bo‘yog‘imizni sotishga ham yordamlashganman. Mendan oldin ishlab ketgan qiz haftasiga 500–600 blok bo‘yoq sotgan bo‘lsa, men 1200 blok sotganman.

Tez orada bu yerdan ketaman. Maktabdagi o‘qishim hali tugamaydi. Faqat o‘quv yilining 2-choragi tugagan bo‘ladi. O‘zim o‘qigan maktabda tahsilni davom ettirmoqchiman. Shu vaqtda biror ish topaman. Keyinchalik o‘qish xarajatlari uchun pul ishlamoqchiman.