Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Namangan davlat universiteti tarkibida O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma “Tibbiyot” fakultetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Namangan davlat universiteti tarkibida Rossiya Federatsiyasining Ural davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikdagi O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma “Tibbiyot” fakultetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar fakultet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishni sifat jihatidan yaxshilash maqsadida yuqori malakali tibbiyot kadrlar tayyorlashni ta'minlash;

bo‘lajak tibbiyot mutaxassislarini o‘qitishni ularni davolash      amaliyotining aniq ko‘nikmalarini egallab olishi bilan birgalikda ta'minlash;

tibbiyot kadrlarida vatanparvar fuqaro tuyg‘ularini, yuksak professionalizm va ma'naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirgan holda ularni tayyorlash;

tibbiyot kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Vatanimizdagi va xorijdagi ilg‘or tajribalar asosida oliy tibbiyot ta'limi tizimini takomillashtirish;

tibbiyot sohasidagi yuqori malakali mutaxassislarni xalqaro talablar va standartlar darajasida tayyorlash, ta'lim jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan o‘quv va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, bo‘lg‘usi tibbiyot mutaxassislarining nazariy tayyorgarligini ular o‘rganayotgan amaliy ko‘nikmalar bilan chambarchas bog‘lagan holda olib borilishini ta'minlash;

Hamkor universitet talabalari va professor-o‘qituvchilari bilan integratsiyalashgan dasturlar asosida o‘zaro almashinuvlarini yo‘lga qo‘yish;

ta'lim va ilmiy-amaliy sohalarda Hamkor universitetning yetakchi olimlarini, professor-o‘qituvchilarini fakultetning ta'lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga muntazam ravishda jalb etish;

professor-o‘qituvchilarning ilmiy va pedagogik salohiyatini yuksaltirishni Hamkor universitet bazasida ilmiy stajirovka va malaka oshirish mexanizmlari orqali amalga oshirish;

oliy ta'limning o‘zaro manfaatdor yo‘nalishlari bo‘yicha akademik mobillikni va parallel ta'lim olishni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;