O‘zbekiston | 11:08 / 03.07.2019
9198
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda undiriladigan boj stavkalarining o‘rtacha qiymati qancha? DBQ bojlar bo‘yicha gap-so‘zlar yuzasidan izoh berdi

Foto: Norma.uz

Mamlakatga tovarlar bojxona chegarasidan olib kirilganda amaldagi qonunchilikka asosan belgilangan bojxona boj stavkalariga muvofiq bojxona to‘lovlari undiriladi. Xo‘sh, tovarlardan undiriladigan bojxona boji stavkalari kim tomonidan belgilanadi?

Davlat bojxona qo‘mitasining Kun.uz’ga taqdim etgan izohida aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va Tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4135-son qarori bilan mamlakatimizda bojxona bojlari stavkalarini belgilash va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda notarif tartibga solish chora-tadbirlarini qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish hamda takliflarni ishlab chiqish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Idoralararo bojxona-tarif kengashini tugatgan holda  tuzilgan “Tarif va notarif tartibga solish kengashi”ga yuklatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga budjet mo‘ljallari to‘g‘risida”gi PQ-4086-son qarori bilan mamlakatda bojxona tarif stavkalari kamaytirilgan.

Bildirilishicha, O‘zbekistonda bojxona bojlari miqdorini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror bozorning ushbu mahsulot bilan ta'minlanganligi va iste'molchiga qaysi narxda yetib borishi kabi jihatlarni batafsil o‘rgangandan keyin amalga oshiriladi.

Xo‘sh, mamlakatda undiriladigan bojxona boji stavkalarining o‘rtacha qiymati qancha?

O‘zbekiston Respublikasida bojxona boji stavkalarining o‘rtacha arifmetik qiymati 5,6% ni, MDH va Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a'zo davlatlarda esa 8,8% ni tashkil qiladi.

Mamlakatga olib kiriladigan tovarlar tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (TIF TN)ga muvofiq 11295 ta pozitsiyaga taqsimlangan bo‘lib, shulardan 7096 ta tovar pozitsiyasiga bojxona boji stavkasi “0” qiymatda, 2127 ta tovar pozitsiyasiga “10%”, 1287 ta tovar pozitsiyasiga esa “20-30%” va 27 ta tovar pozitsiyasiga “70%” etib belgilangan.

“Investitsiya va tashqi savdo vazirligi va bir qator boshqa idoralar tomonidan tarif siyosatini bosqichma-bosqich o‘zgartirilishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsuloti sifatini yaxshilashga hamda tarif va notarif ta'sirlarni yakuniy bosqichda xalqaro bozorga uyg‘unlashtirish imkonini beradi. 

Ma'lumki, hozirda O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a'zo bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, biz ushbu tashkilotning tajribasini o‘rganmoqdamiz. Bu tashkilotga a'zo mamlakatlar JST belgilab bergan talablar asosida yagona tarif stavkalarini belgilaydilar. Shuning uchun a'zo mamlakatlar tarif usullari ya'ni bojxona stavkalari orqali importni tartibga solish imkoniga ega bo‘lmay, notarif usullardan keng foydalanishga majbur bo‘lishadi. Shu sababli mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatlar turli moliyaviy, texnik, ma'muriy, kredit va savdo siyosati, shuningdek, ma'lum bir litsenziyalar va sertifikatlar orqali o‘z iqtisodlarini faol himoya qilmoqdalar”, - deyiladi DBQ izohida.

Bundan oldin, O‘zbekistonga olib kiriladigan avtomobillar bo‘yicha boj qayta ko‘rib chiqilishi mumkin ekani xabar qilingandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid