Sooronbay Jeenbekov: «O‘zbekiston bilan chegara bo‘yicha ko‘p yillik masalalarga nuqta qo‘yildi»
«Chegaradagi mustahkamlik chegaraoldi qishloqlaridagi fuqarolarning jonbozligi, irodasi tufayli yuzaga kelgan. Botken tumanidagi asosiy muammo - chegaralar masalasi. Shuning uchun chegaralarni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratmoqdamiz», - dedi Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 4 iyul kuni Botken tumani va Botken shahri aholisi bilan uchrashuvda.
Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, u chegaralar masalasini hal qilish oson emasligini ta'kidlagan va O‘zbekiston bilan ko‘p yillik masalalarga nuqta qo‘yilgani hamda chegaralarning 85 foizi aniq belgilab olinganini eslatgan.
«O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvlar tarixiy voqea bo‘ldi. Deyarli barcha masalalar bo‘yicha umumiy fikrga keldik. Tojikiston bilan ham xuddi shunday samarali muzokaralar olib borilmoqda. Tojikistonga rasmiy tashrifim chog‘ida biz prezident Imomali Rahmon bilan yagona fikrga keldik, bizning maqsadlar bir xil. Hurmatli prezident Imomali Rahmon yaqinda Qirg‘izistonga tashrif buyuradi, muzokaralar davom ettiriladi. Biz chegaralar masalasiga yechim topish mavzusini e'tiborsiz qoldirmaymiz. Tojikiston prezidenti ham, men ham muzokaralar uchun ochiqmiz», - deya ta'kidlab o‘tdi Sooronbay Jeenbekov.
Uning qayd etishicha, ertami-kechmi bu masalalar hal etiladi, bunga vaqt va sabr-toqat talab qilinadi. 30 yildan beri mavjud bo‘lgan bunday muammolarga yechim topish uchun vaqt kerak, shu kabi muammolar tezda hal bo‘lmaydi.
«Men bilamanki, hal qilinmagan chegaralar masalasi tufayli turli hodisalar ro‘y bermoqda. Shu sababli, fitnalardan uzoq yurish kerak, «Yaqin qo‘shni uzoq qarindoshdan yaxshi» degan xalq maqolini yodda tutish juda muhim va qo‘shni davlatlar fuqarolari bilan tinch-totuv yashash lozim. Biz qo‘shnilarimiz bilan yaqin do‘stona munosabatlarni saqlab qolishimiz hamda mustahkamlashimiz kerak. Qo‘shnilarimiz bilan talashadigan narsa yo‘q, mozorlar va bozorlar bitta. Biz dindoshlarmiz, bir ariqdan suv ichamiz», - dedi prezident.
Mavzuga oid
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
17:21 / 06.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida 8 ta hujjat imzolandi
21:34 / 05.11.2024