Shu yilning yanvarida Kun.uz saytida Toshkent shahrida qadimiy xazina topilgani haqida xabar berilgandi. XIX asrda qurilgan imoratlardan birining yashirin yerto‘lasida qidiruv ishlari davomida topilgan xazina 80 yillar muqaddam yo‘qolgani, uning hozirgi qiymati 1 million dollardan ortiqligi aytilgandi.

Xazina topilgani haqida birinchi bo‘lib O‘zMUning kimyo fakulteti 4-kurs talabasi Muhammadbobur Yusupov ma'lumot bergandi. U Kun.uz uchun bergan intervyularida xazinaning topilishi tarixi haqida so‘zlab, izlanishlar davomida yana qadimgi buyumlar topilishi mumkinligini aytib o‘tgandi.

YouTube

Tas-IX

Bu mavzu boshqa o‘nlab saytlarda ham yoritildi va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kimdir xazinaning qiymati haqida aytsa, kimdir topilgan joyiga qiziqdi. Bunday topilmalar mavjudligiga ishonchsizlik bilan qaraganlar ham bo‘ldi.

Bugungi kunga kelib esa ushbu xazina mavjudligi haqidagi barcha gumonlar yo‘qqa chiqdi - qiymati bir necha million dollarligi taxmin qilinayotgan ulkan xazina davlatga topshiriladi.

Muhammadbobur Yusupov Kun.uz muxbiriga xazina topilgandan keyin bo‘lib o‘tgan voqealar, uni yo‘ldan urib xazinani qo‘lga kiritishga hamda chetga olib chiqib ketishga bo‘lgan urinishlar, taklif qilingan pullar va o‘tkazilgan bosim to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Xazina tarixi

— Xazinaning topilishi 3 yillik izlanishlarim natijasi bo‘ldi. Bu haqda dastlab Kun.uz nashrida e'lon qilingan edi. Xazina ertaroq topilishi ham mumkin edi. Ammo ayrim davlat tashkilotlarning ishonchsizligi va e'tiborsizligi tufayli qidirish ishlari ma'lum vaqt to‘xtab qoldi. Turli xil tarixiy manbalar asosida Toshkent shahrining qadimiy binolarida qidirish ishlarini boshladim. Bu ma'lumotlar xazinani bilgan va yashirgan odamlar tomonidan sir saqlangan. O‘sha odamlarning farzandlari va shogirdlari bilan suhbatlashildi, ma'lumotlar to‘plandi. Ushbu ma'lumotlar asosida xazina topildi va tasdiqlandi.