O‘zbekiston | 14:56 / 06.07.2019
20570
5 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik vakili: «Import bojini nol qilib qo‘ysak, bizda ahvol yaxshi bo‘lmaydi»

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqarma boshliqlari Fazliddin Ro‘ziyev, Temurmalik Xoliqov ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot va intervyu bo‘lib o‘tdi.

Unda “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 1 maydagi prezident qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma'lumot berildi.

Muloqot davomida vazirlik huzurida elektron kooperatsiya birja portali platformasi joriy etilishi ma'lum qilindi. Yangi platforma orqali budjet va korporativ hamda strategik xaridorlar buyurtmasi doirasida erkin raqobat va narx shaffofligi ta'minlanadi.

Tadbirda iqtisodiyotda talab yuqori bo‘lgan, respublikada ishlab chiqarilishi tavsiya etiladigan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarning yangi 99 turi vazirlikning veb-saytiga tadbirkorlarga yetkazish uchun joylashtirilgani va o‘zlashtirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgani qayd etildi.

Jurnalistlardan biri maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va import mahsulotlarga qo‘yilgan bojlar tufayli monopoliyaga yo‘l ochib berilayotgani haqidagi savol bilan murojaat qilgan.

“Maishiy texnika tayyor mahsulotlari uchun import bojini nol qilib qo‘ysak, shu sohani rivojlantiraman deb O‘zbekistonga qaysi investor keladi? — deya savolga savol bilan javob qaytargan vazirlik boshqarma boshlig‘i Fazliddin Ro‘ziyev. — Agar biz importni ochib qo‘ysak, u tayyor mahsulotni olib kelib sotaversa, valutamiz chetga chiqib ketaversa, shu to‘g‘rimi? Qaysi salohiyatli sarmoyador kelib mamlakatimizda ishlab chiqarish tashkil qiladi? 10 yil oldin O‘zbekistonda maishiy texnika vositalari ishlab chiqaradigan bitta kompaniya bor edi. Hozirga qadar yurtboshimiz tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qancha qarorlar chiqarildi, chora-tadbirlar belgilandi. Shuning natijasida ichki bozorning 50 foizini maishiy texnika bilan qamrab oldik. Aynan maishiy texnika mahsulotlarini endi eksport uchun ham ishlab chiqaryapmiz. Bunday turdagi tovarlarimiz Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmanistonga eksport qilinyapti. Hatto o‘zimizning tadbirkorlar o‘sha davlatlarda ishlab chiqarish korxonalari tashkil qilyapti. Agar import bojini nol qilib qo‘ysak, bizda ahvol yaxshi bo‘lmaydi”.

Jurnalist fikrini misol asosida tushuntirishga harakat qilgan: “Fuqarolarimiz Qozog‘istonga chiqib, 200 ming so‘mga texnika sotib olib kelgani yaxshimi yoki o‘zimizda chiqarilgan mahsulotlarni 500 ming so‘mga xarid qilgani yaxshimi, O‘zbekistonga investorlar kelsin deb? Aholi uchun qaysi birini foydaliroq deb hisoblaysiz? Investitsiya kiritilishidan maqsad ham aslida xalq manfaatini ko‘zlash emasmi? Yurtimiz aholisi arzonroq va sifatliroq mahsulotdan foydalansa, buning nimasi yomon? Masalan, o‘sha kompaniyaning maishiy texnika mahsulotlari o‘zimizda 500 ming so‘mga sotilayotgan bo‘lsa, Qozog‘istonda 300-400 mingdan sotilmoqda, narxlar 100-200 ming so‘mga farq qiladi. Shuning uchun chegara postlari ochilganda juda ko‘p fuqarolarimiz Qozog‘istonga chiqib, mahsulot olib kelishni boshladi. Lekin shunga ham to‘siq qo‘yildi, xarid maqsadida oyiga faqat bir marta chiqib kelish yoki muayyan qiymatdan oshmasligi shart degan normalar joriy qilindi. Ya'ni, aholining arzonroq mahsulotdan foydalanishiga to‘siq qo‘yildi. Bizga nima kerak: arzon mahsulotmi yo investormi?”.

Iqtisod va sanoat vazirligi vakili ko‘tarilgan masalaga, vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi.

“Birinchi marta chegaralar ochilganda odamlar Qozog‘istonda mahsulotlar xuddi tekin, arzon deb o‘yladi-da, olib kelaverdi, — dedi Fazliddin Ro‘ziyev. — Lekin hozirgi holat bilan solishtirib ko‘rish mumkin, bugungi kunda o‘zimizning mahsulotlar sifat va narx jihatidan qo‘shni davlatlardagi bilan tenglashdi. Agar biz mahalliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlab, narx siyosatini nazorat qilib, ishlab chiqarish parametrlariga e'tibor bersak, talab qo‘ysak, bu ertaga albatta mevasini beradi. Agar siz aytganday, aholiga arzon bo‘lsin deb import bojini bekor qilsak, bu iqtisodiy nuqtai nazardan yaxshilikka olib kelmaydi”.

Mavzuga oid