O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Boriy Alixonov Jizzax viloyati Forish tumani aholisiga hududda qurilishi mo‘ljallangan AES hech qanday tahdid tug‘dirmasligini kafolatladi.
«Biz qurmoqchi bo‘lgan stansiya 9 ballik zilzilaga bardosh beradi. Hattoki, samolyot stansiya ustiga tushgan taqdirda ham, u o‘z ishini davom ettirishi mumkin », - dedi Alixonov yakshanba kungi jamoatchilik eshituvlarida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AES xavfsizligi 21ta passiv va aktiv tizimlar bilan ta'minlanadi. Deputatning ishontirishicha, atrof-muhitga ham hech qanday tahdid yo‘q.
«Vengriyada suv Dunaydan olinadi. Uni hech qanday tozalashsiz qayta tushirishadi, sababi radioaktiv moddalar bilan aloqasi bo‘lmaydi. Garchi u transchegaraviy suv havzasi bo‘lsa-da - Amudaryodan ko‘ra hajmi ikki baravar ko‘p. Bu jihatdan ekologik xavfsizlik juda yuqori. Xalqaro atom energiyasi agentligi «3+» texnologiyasini eng ishonchli deb bekorga tan olgani yo‘q», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Alixonov.
O‘zbekistondagi birinchi AES har biri 1 200 MVt quvvatga ega «3+» avlodidagi 1200-suv energetik reaktorli energoblokdan iborat bo‘ladi. Birinchi energoblokni 2028 yilgacha ishga tushirish rejalashtirilmoqda, ikkinchisi - 2030 yil.
O‘zbekiston va Rossiya atom elektr stansiyasi uchun qurilish maydonchasini aniqladi. Bu Jizzax viloyatining Tuzkon ko‘li yaqinidagi hudud bo‘ladi.
















