Ayni paytda yurtimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida abituriyentlardan test sinovlariga hujjatlarni qabul qilish jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Kun.uz muxbiri Qarshi shahridagi oliygohlarda qabul jarayoni qay tarzda tashkil etilgani masalasi bilan qiziqdi.

Qarshi davlat universitetiga hujjat topshiraman, degan odam ko‘p. Birinchi navbatga kassa oldida duch keldik. Maktab va kollejlarni avvalgi yillarda bitirganlar yarim minimal ish haqi to‘lov qilish uchun kassaga navbatda turishibdi.

Qabul jarayoni uchun auditoriyalar ajratilgan. Talabalar tashqaridan hujjatni uzatishmoqda. Qabul uchun ajratilgan auditoriyalar derazalari tashqi tomonida yoshlarning kichik-kichik navbatlari hosil bo‘lgan.

Qarshi davlat universiteti qabul komissiyasi mas'ul kotibi Rashid Jumayevning aytishicha, navbatlar hosil bo‘lishiga 70dan ziyod operator ishlab turganiga qaramasdan DTMning qabul bazasi tinimsiz «tashlab yuborayotgani» bosh sabab bo‘lmoqda. «Baza soatlab ishlamay qolmoqda. DTM serveridagi portlarning yetishmasligi joylarda juda katta muammo keltirib chiqarmoqda», deyishdi ular. Ma'lum bo‘lishicha, serverga butun respublika bo‘ylab kiritilayotgan ma'lumotlar qatorlashib, qayta ishlashga ulgurmay qolinmoqda ekan.

Kassalardagi navbatlarni ham QarshiDUdagi mutasaddilar shunga bog‘lashdi. «Baza o‘z vaqtida tayinli ishlamaganidan so‘ng kvitansiyalar chiqarishda ham muammo kuzatiladi-da», deyishdi ular.

Abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida universitet hududidagi sayyor kassalar shanba-yakshanba kunlari ham faoliyat ko‘rsatib turibdi. «Shanba kuni 2193ta hujjat ro‘yxatdan o‘tkazgan edik, yakshanba kuni bor-yo‘g‘i 256ta hujjat qabul qildik. Ko‘pchilik yakshanba kuni ham ishlayotganimizni bilmagan», dedi R.Jumayev.