Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Vasiylik va homiylik organlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar vasiylik va homiylik organlari faoliyatini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari va vazifalari etib belgilanishi mumkin:

vasiylik va homiylik organlarining vazifa, funksiya va vakolatlarini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish;

vasiylik va homiylik organlari faoliyati samaradorligini ta'minlash maqsadida ular o‘rtasida idoralararo elektron hamkorlik tizimini yaratish;

vasiylik va homiylik organlari faoliyatining samaradorligi, tezkorligi va shaffofligini ta'minlash, ularning mas'uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish;

vasiylik va homiylik organlari faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyotini chuqur o‘rganish va tahlil qilish;

vasiylik va homiylik organlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha ilg‘or xorij tajriba asosida takliflar tayyorlash;

vasiylik va homiylik organlarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash hamda xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish choralarini ko‘rish;

vasiylik va homiylik sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini samarali tashkil qilish.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Adliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin:

nazoratidagi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar soni 200 tadan ortiq bo‘lgan tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari tuzilmalariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘laridan moliyalashtiriladigan vasiylik va homiylik masalalari bilan shug‘ullanuvchi 1 nafardan jami qo‘shimcha 97 nafar shtat birliklarini ajratish;

vasiylik va homiylik masalalari bilan shug‘ullanuvchi shtat birliklariga qoida tariqasida birinchi navbatda “psixologiya”, “yurisprudensiya” va “ijtimoiy ish” sohalari bo‘yicha oliy ma'lumotga ega bo‘lgan fuqarolar tayinlanishi;

2019 yil 1 sentyabrdan yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari tuzilmalarida vasiylik va homiylik masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislari lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 2 baravar ko‘paytirilgan miqdorda qo‘llanilishi.