Dunyoning ko‘pchilik davlatlarida, jumladan O‘rta Osiyo davlatlari qatori O‘zbekistonda ham har yili yoz-kuz oylarida kuydirgi kasalligi qayd etilib turadi, deb xabar bermoqda Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi.
Kuydirgi – hayvonlardan odamlarga yuqadigan, asosan o‘ziga xos yara (karbunkul), kamdan-kam hollarda esa o‘pka va ichak shakllarida namoyon bo‘ladigan hayvonlar va odamlarda uchraydigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Ushbu kasallikning teri, o‘pka va ichak shakllari uchraydi, og‘ir hollarda septik turiga ham aylanishi mumkin. Eng ko‘p uchraydigan teri shakli o‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilsa tuzalib ketadi.
Kasallikni kuydirgi bakteriyalari keltirib chiqaradi, kasallik hayvonlardan hayvonlarga va odamlarga yuqadi, biroq kasallikni odamdan odamga va odamdan hayvonlarga yuqishi aniqlanmagan.
Kuydirgi kasalligi odamlarga shu kasallikka chalingan hayvonlarni so‘yish, terisini shilish, go‘shtini maydalash, oshqozon-ichaklari va kalla-pochasini tozalashda, shuningdek kasallangan hayvonlarni parvarishlash jarayonlarida, yetarli termik ishlov berilmagan go‘sht mahsulotlarini iste'mol qilish natijasida yoki hayvon terilarini tashish, saqlash va qayta ishlash jarayonida yuqadi. Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilar, go‘sht mahsulotlarini qayta ishlovchilar va ovchilar ko‘proq kasallanadilar.
Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 14 kungacha, o‘rtacha 2-3 kun davom etadi.
Kasallik belgilari:
Teriga tushgan kuydirgi tayoqchasi dastlab terida qichishish va qizil dog‘ hosil qiladi. Dog‘ tugunchaga aylanib, bir necha soat ichida pufakcha hosil bo‘ladi. Doimiy qichishish oqibatida pufakcha yorilib, ichidan suyuqlik ajraladi (sachragan suyuqlik yangi pufakchalarni hosil qiladi). Yorilgan pufakcha o‘rnida qora rangli o‘zidan zardobli suyuqlik ajratib turuvchi, atrofi shishib ko‘tarilgan yara hosil bo‘ladi. Shu vaqtga kelib, yaraga yaqin joylashgan limfa tugunlari ham kattalashadi. Uning eng xarakterli belgisi yaralar og‘riqsiz bo‘ladi. Yara hosil bo‘lishi bilan tana harorati ko‘tariladi. Bemorning eti uvushadi, boshi aylanadi, ko‘ngli ayniydi, holsizlanadi. O‘pka shaklida qon qusadi, ichak shaklida esa ich ketishi qon bilan kuzatilib, bu holat 5-7 kun davom etadi.

















