So‘nggi paytlarda OAV go‘sht va go‘sht mahsulotlarning narxlarini o‘sishi va buning sabablaridan biri sifatida yem mahsulotlarini birja orqali sotilishi to‘g‘risida ma'lumotlar tarqatilmoqda. Masala yechimi sifatida birja savdolaridan voz kechgan holda, xo‘jalik yurituvchi korxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish munosabatlariga o‘tish taklif etilgan, deb xabar bermoqda "O‘zRTXB" AJ matbuot xizmati.

Ta'kidlanishicha, birja savdolari orqali sotilayotgan paxta chigiti shroti va paxta sheluxasining hajmi go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxlarining shakllanishida hal qiluvchi omil hisoblanmaydi. 2019 yil birinchi yarim yilligida birja savdolari orqali shartli chorva ozuqasi birliklari bo‘yicha 251,9 ming tonna paxta chigiti shroti va sheluxasi ozuqa birligi sotilgan, bu esa respublikadagi umumiy yirik qoramollarning taxminan 4,9% ozuqasini tashkil qiladi.
 
Qayd etilishicha, avvallari tovar resurslarini xarid qilish imkoniyatlari cheklanganligi va tizimda shaffoflik mavjud emasligi xususiy sektor va tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘g‘onoq bo‘lib kelgan. Ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotlarini faqatgina belgilangan narxlarda sotishlari mumkin edi. Biroq amalda tovar uni xarid qilish uchun berilgan ijozat evaziga qo‘yilgan narx ustamasi bilan sotilgan. Shu bois belgilangan va sotilgan narxlar o‘rtasidagi tafovut ayrim “vositachilar”ning norasmiy daromad manbaiga aylangan.
 
Vaqt o‘tishi bilan respublikada zamonaviy ochiq-oydin va shaffof tovar bozorini yaratish zarurati tug‘ildi. Yuqorida ko‘rsatilgan muammoli masalalari yechimi sifatida esa birja mexanizmi taklif etilgan, deyiladi xabarda.
 
Bildirilishicha, bugungi kunda “O‘zRTXB” AJda o‘tkaziladigan shaffof va oshkora birja savdolari monopolizm va “xufiyona iqtisod” elementlarini bartaraf etishga o‘z ko‘magini berib, davlat budjetiga kelib tushayotgan soliqlarni optimallashtirmoqda va birja savdolari natijasida olingan qo‘shimcha daromad hisobiga sotuvchi-korxonalarning iqtisodiy samaradorligini oshirmoqda. 
 
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 21 noyabrdagi PQ-4023 sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 17 yanvarda qabul qilingan PQ-3479-sonli qaroriga o‘zgartirishlar kiritilib, ularga muvofiq paxta chigiti sheluxasi va shroti birja savdolarida erkin realizatsiya qilinadi.