Fan-texnika | 16:39 / 19.07.2019
5610
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh kompaniyasi va AKT vazirligi huzuridagi DUK yangi IT-korxona tashkil etdi

Mamlakatda axborot texnologiyalari sohasida dasturiy mahsulotlar va ma'lumotlar bazalari ishlanmalari bilan shug‘ullanuvchilarning rivojlanishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, ularga qulay sharoitlar yaratish maqsadida yangi Information Technology Center MChJ qo‘shma korxonasi tashkil etildi.

Delta Telecom International (AQSh) (ustav kapitalining 51 foizi) kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi «O‘zbekiston Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» Davlat unitar korxonasi (ustav kapitalining 49 foizi) qo‘shma korxonaning ta'sischilari hisoblanadilar.

Vazirlik axborot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘shma korxonaning asosiy faoliyat turlari quyidagilar:

- turli biznes jarayonlarni avtomatlashtirishga yo‘naltirilgan dasturiy ta'minotlar va ilovalar ishlanmalarini yaratish;

- turli vazifalarga yo‘naltirilgan ma'lumotlar bazalarini yaratish va ularga xizmat ko‘rsatish;

- turli axborot tizimlari,ma'lumotlar bazalari, server va boshqa tarmoq qurilmalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish.

Tashkil etilgan qo‘shma korxona IMEI kodlari bo‘yicha respublikada mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimini joriy etish loyihasida ishtirok etish bilan o‘z faoliyatini boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 22 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga muvofiq 1 apreldan O‘zbekistondagi GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalaniladigan barcha mobil qurilmalarining avtomatik tarzdagi bepul ro‘yxatga olinishi boshlandi. 

Mavzuga oid