Bugungi kunda mamlakatda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, davlat dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida aholiga davlat tomonidan kafolatli bepul tibbiy yordam berishni ta'minlaydigan shoshilinch, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit tizimi tashkil etildi. Ayniqsa, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishning samaradorligini oshirish, zamonaviy asbob-uskunalar va malakali kadrlar bilan ta'minlash, shoshilinch tibbiy yordam berishning zamonaviy, yuqori texnologik samarali tizimini shakllantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Kozim Tojiyev.
Qayd etilishicha, shu bilan birgalikda, aholiga kechiktirib bo‘lmaydigan shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish masalalarida o‘z yechimini kutayotgan qator muammolar ham saqlanib qolmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joylardagi amaliy muloqotlar va tahlillari natijasida tez tibbiy yordam mashinalarining tez, belgilangan muddatda chaqiruvlarga yetib borishi, bemorni shifoxonaga yetkazishiga to‘siq bo‘layotgan obektiv sabablar ham mavjudligi kuzatildi.
Xo‘sh, bu obektiv sabab nimalardan iborat?
Deputatlarga tez yordam mashinalari haydovchilari maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini (belgilangan tezlikni oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga bo‘ysunmasdan o‘tish va hk.) buzganligi bo‘yicha ayrim holatlarda javobgarlikka tortilayotganini bildirdi.
Deputatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarni tahlil qilganida, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tez tibbiy yordam xizmati haydovchilari tomonidan 2017 yilda 339 ta shunday holat aniqlangan bo‘lsa, 2018 yilda 968 ta, 2019 yilning birinchi choragida esa, 350 tadan oshib ketgani ma'lum bo‘ldi.
Tez tibbiy yordam xizmati ko‘rsatish maqsadida zudlik bilan ketayotgan holda shunday qoidabuzarlik sodir etgan deya baholangan huquqbuzarliklar uchun 2017 yilda 16 nafar, 2018 yilda 110 nafar tez tibbiy yordam haydovchisi jarima to‘lagan. 2019 yil 1 mart holatiga ko‘ra, 89 ta shunday holat bilan bog‘liq hal etilmagan, muammoli holat sifatida baholanayotgan ishlar mavjud.
Bu esa, tez tibbiy yordam avtomashinalari haydovchilarining asosli e'tirozi va noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Natijada, tez tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lganda ham, ularning svetoforning taqiqlangan chirog‘ida kutib turish, belgilangan tezlikdan oshirmasdan harakatlanishi oqibatida bemorga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish imkoniyati pasaymoqda.

















