Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev Vazirlar Mahkamasining doimiy propiskaga kirita oladigan tashkilotlar soni yana bittaga ko‘paytirilishi nazarda tutilgan qaroriga munosabat bildirdi.

Kuni kecha Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Toshkentda doimiy propiskaga kirita oladigan tashkilotlar soni yana bittaga ko‘payib, ular safiga Savdo-sanoat palatasi ham qo‘shilibdi. Hozir jami 87ta tashkilot bor bu ro‘yxatda.

Buning mantiqsizligi shundaki, fuqarolarni 12ta toifaga ajratgan propiska haqidagi o‘sha mashhur qonunning 11-bandida ham, Vazirlar Mahkamasining 336-sonli qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatda ham iltimosnoma kiritish huquqi faqat davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga berilgan. Boshqacha variant yo‘q.

Lekin 87talik ro‘yxatda 3ta nodavlat notijorat tashkiloti ham kiritilgan. Bular:

  • Yoshlar ittifoqi;
  • Mahalla respublika kengashi;
  • Savdo-sanoat palatasi.

Yuqoridagilar davlat tashkiloti hisoblanmaydi, ularning huquqiy shakli — NNT!

Nahotki shunaqa qarorlarni tayyorlayotganlar davlat tashkiloti bilan NNTning farqiga bormasa? Borishadi, borganda qandoq. Chunki Vazirlar Mahkamasida ham, hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazadigan Adliya vazirligida ham juda malakali yuristlar ishlaydi, bunga aminman. Faqat negadir ko‘z yumishadi, ko‘rib ko‘rmaslikka olishadi. Yoki «tepadan» topshiriq bo‘larmikin ko‘z yumishga?

Bu gaplarimni o‘qib, xuddiki ro‘yxatga qo‘shilgan 3ta NNTga qarshi chiqayotganday, ro‘yxatdan ularni o‘chirish kerak deyayotganday ko‘rinishim mumkin. Lekin aslo bunday emas.

Ko‘pchilik yaxshi biladi, bu la'nati propiska tizimiga tish-tirnog‘im bilan qarshiman. Shu jumladan, mehnat sohasidagi eng katta diskriminatsiya va korrupsiyani keltirib chiqarayotgan 11-bandga ham.

Chunki hukumatning o‘zi falon tashkilotga «sen bizga keraksan, respublika ahamiyatiga moliksan», deb turib, boshqasini bu ro‘yxatga kiritmasdan «sen bizga kerakmassan, sening xodimlaringni ham biz uchun zig‘ircha qadri yo‘q» degandek ish tutishiga chidab bo‘lmaydi.