Jamiyat | 15:39 / 29.07.2019
11839
2 daqiqa o‘qiladi

Kirish imtihonlariga jurnalistlar uchun ajratilgan vaqt – 20 daqiqa. Bu yetarlimi?

Bugun, 29 iyul kuni O‘zbekistonda Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi. Jarayonlardagi shaffoflikni, abituriyentlar uchun zarur sharoitlar qanday tashkil etilganini o‘rganish maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlariga ham ruxsat berildi va Davlat test markazi tomonidan jurnalistlar uchun maxsus beydjiklar tayyorlanib tarqatildi.

Ta'kidlash lozimki, imtihonlar kunning ikki vaqtida - ertalab va tushdan so‘ng o‘tkazilmoqda. Ertalab imtihonga kirish uchun soat 8:00da tekshiruvlardan o‘tish boshlansa, ikkinchi smenadagi imtihonlar soat 13:00da boshlanmoqda. Yuqorida ta'kidlanganidek, jarayonlarni yoritish uchun jurnalistlarga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, ayrim tushunarsiz holatlar yuzaga kelmoqdaki, buni qanday izohlashni ham bilmaysan kishi.  

Gap shundaki, Kun.uz muxbiri va operatori poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani, Niyozbek ko‘chasida joylashgan Oliy o‘quv yurtlararo sport majmuasiga – imtihonlar o‘tayotgan hududga bordi. Biroq imtihon o‘tkazish binosiga kirish uchun harakat muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Chunki Davlat test markazi tomonidan o‘rnatilgan tartibga binoan ommaviy axborot vositalari vakillari ertalab soat 10:00dan soat 10:20gacha, tushdan keyingi imtihonlarga soat 17:00dan soat 17:20gacha kirish uchun ruxsat berilgan.

Endi haqli savol tug‘iladi: imtihonlar tugash arafasiga kelganda, ularning shaffofligini qanday ko‘rish mumkin? Axir bunday tadbirlarda, eng muhim qismi imtihon boshlangandagi ilk 1-2 soat emasmi?

Jurnalistlar uchun bunday imkoniyatlar taqdim etilishi quvonarli hol, albatta. Biroq shunga yarasha, bor haqiqatni, bor manzarani ko‘rsatish uchun belgilangan vaqt me'yor darajasiga keltirilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Umid qilamizki, Davlat test markazi ushbu holatga e'tibor qaratadi.

Mavzuga oid