O‘zbekiston | 12:41 / 30.07.2019
10806
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada Koreya Xalqaro universiteti tashkil etiladi

Foto: Advantour

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Farg‘ona shahrida Koreya Respublikasining Xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi elchixonasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligining Farg‘ona shahrida Koreya Respublikasining Xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

respublikaning iqtisodiyoti va sanoat tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro ta'lim standartlari darajasida tayyorlash;

mutaxassislar hamda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta'lim va ilm-fanning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek, jahon ta'lim va ilm hamjamiyatiga majburiy integratsiya hisobiga rivojlantirish;

kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta'lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;

pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalarni va o‘qitish uslublarini faol takomillashtirish;

ta'lim va ilm-fan sohalarida xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Belgilanishicha:

universitet alohida mulk va mustaqil balansiga ega bo‘lgan yuridik shaxs maqomidagi tijorat tashkilot shaklida tashkil etilib, tasarrufidagi pul mablag‘lari va mulklari bo‘yicha o‘zining majburiyatlari yuzasidan javobgar hisoblanadi;

universitet alohida tarkibiy bo‘linmasi hamda kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda, ta'limning kelishilgan asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradigan oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi;

universitetda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida O‘zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlari talablarini e'tiborga olgan holda Universitet tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalar va dasturlar bo‘yicha koreys tilida kunduzgi shaklda amalga oshiriladi;

abituriyentlarni qabul qilish va universitet bitiruvchilarining attestatsiyasi universitet tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi;

universitet faoliyati O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasining qonunchiligi asosida amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid