Suriya prezidenti Bashar Asadning rafiqasi Asma Asad bir yillik davolanish kursidan keyin saraton kasalini yenga oldi. Bu haqda prezident saroyi matbuot xizmati xabar qildi.
“Suriya rahbariyati va prezident devonxonasi xodimlari Asma Asad xonimni kasallikni yenggani bilan tabriklaydi”, deb aytilgan xabarda.
Bunga javoban Suriyaning birinchi xonimi uni qo‘llab-quvvatlagan barcha suriyaliklarga minnatdorlik bildirgan. U barcha kasallarga sog‘ayib ketishni, Suriyaga esa “Tangri ko‘magi ila” tinchlik va farovonlik tilab qolgan.
2018 yil avgustda Asma Asadda erta bosqichdagi yomon sifatli ko‘krak bezi saratoni aniqlangandi. Yanvar oxirida shifokorlar birinchi xonimda o‘simtani olib tashlash bo‘yicha muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazishgan.

















