Jahon | 09:37 / 07.08.2019
22668
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko “qochoqlik”dan keyin yana Ukrainaga qaytdi 

Foto: IZVeSTIYa/Taras Petrenko

Ukrainani iyul oxirida butun oilasi bilan tark etgan sobiq prezident Pyotr Poroshenko 7 avgustga o‘tar kechasi Kiyevga qaytdi. Bu haqda “Strana.ua” nashri xabar berdi. 
 
Ta'kidlanishicha, Poroshenko samolyoti Dubaydan kechki payt uchib, soat 02:30da Julyani aeroportiga qo‘ngan. Jurnalistlar Poroshenko o‘z avtomobillarida aeroportni tark etayotganini tasvirga olishga muvaffaq bo‘lishgan.

28 iyulda Poroshenko, uning to‘ng‘ich o‘g‘li Aleksey va kelini Yuliya hamda nabirasi charter reys bilan Kiyevdan Istanbulga uchib ketishgan. Bir soatdan keyin ushbu reys Dubayga yo‘naltirilgan, so‘ngra kuzatuv tizimlaridan g‘oyib bo‘lgan. Bundan bir hafta oldin esa Ukrainani Poroshenkoning rafiqasi, qizlari va kenja o‘g‘li tark etgan.

Butun oilaning Ukrainada Poroshenkoga nisbatan tergovlar olib borilayotgan bir vaqtda mamlakatni tark etishi sobiq prezidentning mamlakatdan qochib ketgani haqidagi gaplar paydo bo‘lishiga olib kelgan. 

Bundan tashqari, Ukraina OAVda Poroshenko qamalishi mumkinligi sababli Ukrainadan ketib, fuqaroligini olgan davlatlardan birida yashirinishi mumkinligi ta'kidlangan. Elise Journal nashri ma'lumotlariga ko‘ra, sobiq prezidentda Ukraina pasportidan tashqari yana 5 ta davlat pasporti bor.

Mavzuga oid