Jahon | 10:22 / 11.08.2019
17351
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik ayol jurnalist namoyishlardan keyin armiyaga chaqiruv qog‘ozi oldi

Reuters axborot agentligining jurnalisti Mariya Tsvetkova Rossiyada harbiy xizmatga ayollar majburiy chaqirtirilmasa-da, harbiy komissariatga chaqiruv qog‘ozi oldi. U bu haqda Facebook’da ma'lum qildi. Chaqiruv qog‘ozi ayol jurnalistga 27 iyulda Moskvadagi norozilik namoyishida ushlangandan keyin kelgan. 

Taajjublisi, bu chaqiruv qog‘ozi Mariya Vladimirovich Tsvetkov nomiga kelgan.

“Umuman olganda, meni hayratlantirish qiyin deb o‘ylardim, biroq bu yerda Mariya Vladimirovich Tsvetkov nomiga chaqiruv qog‘ozi keldi. Buni menga ma'lum qilgan rasmiy xodim "ho-ho"lab kulardi. Gap shundaki, men jurnalistman va o‘sha vaqt ishlayotgan bo‘lsam-da, 27 iyulda meriya oldidagi aksiya oldidan ushlangandim, 27 iyuldan 3 avgustgacha esa davlat idoralariga barcha ushlanganlarni soliq idoralaridan tortib sud nozirlarining bazalari bo‘yicha tekshirish buyrug‘i berilgan va shu tariqa ularning namoyishlarga boshqa bormasliklari maqsadida rasmiy so‘roqlar bilan qo‘rqitishlar bo‘lib o‘tgan”, deb yozgan Mariya Tsvetkova.

Foto: Facebook /Mariya Tsvetkova

Jurnalistning aytishicha, rahbariyatdan bema'ni buyruq olinganda, bunga qarshi kurashishning yagona yo‘li uning bema'niligini saqlab qolgan holda bajarishdir.

The Bell nashrining xabar berishicha, tergov qo‘mitasi bahorgi chaqiruv 15 iyulda yakunlanganiga va kuzgi chaqiruv oktyabrda boshlanishiga qaramay kelishilmagan aksiyalarda armiyadan bo‘yin tovlovchilarni izlashga va'da bergan. 

Ma'lum qilinishicha, 16 kishiga nisbatan Rossiya jinoyat kodeksining “Harbiy va muqobil xizmatni o‘tashdan bo‘yin tovlash” moddasi bo‘yicha tergovoldi tekshiruvi boshlangan.

Moskvada 14, 27 iyul va 3 avgust kunlari shahar dumasiga deputatlikka nomzodlarini o‘tkaza olmaganlar tomonidan uyushtirilgan kelishilmagan namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Politsiya ularda turli qoidabuzarliklar uchun umumiy hisobda 1,7 mingga yaqin odamni ushlagan. Rossiya tergov qo‘mitasi ommaviy tartibsizliklar va hokimiyat vakiliga hujum qilish bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atgan.

Moskva shahar dumasiga saylovlar 8 sentyabrda bo‘lib o‘tadi. Saylov komissiyalari ularda ishtirok etishga 233 kishini qo‘ygan, 57 kishiga rad javobi berilgan. 22 nafar ro‘yxatga olinmagan nomzodning imzolar ro‘yxatida 339 nafar o‘lgan odam, 29 nafarinikida esa 14 mingdan ko‘proq mavjud bo‘lmagan saylovchilar aniqlangan.  

Mavzuga oid