O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joriy yilning I yarim yilligida olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida ayrim budjet muassasalari tomonidan budjet mablag‘larini sarflanishida tizimli ravishda budjet qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlandi.
Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi umumta'lim maktablarida haqiqatda ishga kelmagan va xizmat vazifasini bajarmagan xodimlarga yoki umuman ishlamaydigan fuqarolar nomiga ish haqi hisoblanishi homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini, shuningdek mehnat ta'tili, mukofot va moddiy yordam mablag‘larining asossiz hisoblanishi va to‘lanishi natijasida budjet mablag‘larini noqonuniy sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.
Jumladan, Jizzax shahar 22-sonli umumta'lim maktabida haqiqatda ishlamaydigan 11 nafar fuqarolar nomiga homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini, shuningdek mehnat ta'tili, mukofot va moddiy yordam mablag‘larining asossiz hisoblanishi va to‘lanishi natijasida 448,2 mln. so‘m budjet mablag‘lari asossiz sarflab yuborilgan.
Haqiqatda ishlamagan fuqarolarga ish haqi hisoblash yo‘li bilan Bo‘z tumanidagi 5-sonli umumta'lim maktabida 99,3 mln. so‘m, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 4-sonli umumta'lim maktabida 65,3 mln. so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.
Kegeyli tumanidagi 1-son umumta'lim maktabida 54,7 mln. so‘m va Buxoro shahridagi 1-son umumta'lim maktabida 31,2 mln. so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari haqiqatda ishga kelmagan va xizmat vazifasini bajarmagan xodimlarga ish haqi hisoblanishi natijasida asossiz sarflab yuborilgan.
Sho‘rchi tumanidagi 10-son umumta'lim maktabida xodimlarining plastik kartochkalarga asossiz mablag‘ o‘tkazish yo‘li bilan 36,1 mln. so‘mlik budjet mablag‘lari noqonuniy o‘zlashtirilgan.
Yashnobod tumanidagi Ko‘zi ojizlar maxsus maktab internatida bosh hisobchi tasdiqlangan shtatlar jadvalidagi o‘zining oylik lavozim maoshiga ortiqcha ish haqi qo‘shib yozishi natijasida budjetdan 77,6 mln. so‘m asossiz ortiqcha to‘lab yuborilgan.
Bulardan tashqari, Bog‘dod tumanidagi 50-sonli umumta'lim maktabida pudratchi «Farg‘ona sayqal servis» xususiy korxonasi tomonidan «Obod qishloq» dasturi doirasida bajarilgan ta'mirlash ishlari joyida nazorat o‘lchovidan o‘tkazilib, moliyalashtirish uchun taqdim etilgan hisob faktura ma'lumotlari bilan haqiqatda bajarilgan ishlar solishtirilganda 129,9 mln. so‘mlik bajarilmagan ish hajmlari qo‘shib yozilganligi ma'lum bo‘ldi.















