O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 avgust kuni mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdi.
«Muloqot chog‘ida partiyalarning jamiyatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi o‘rni va rolini oshirish, shu yil dekabr oyida milliy parlamentimiz va mahalliy vakillik organlariga bo‘ladigan saylovlarga tayyorgarlik ishlarining borishi to‘g‘risida, bu boradagi eng muhim va dolzarb masalalar xususida atroflicha fikr yuritildi.
Ma'lumki, mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ygan hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlarda chuqur demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Harakatlar strategiyasi asosida jamiyatimizda ko‘ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirishga alohida e'tibor berilmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda beshta siyosiy partiya – «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning o‘z g‘oya va dasturlarini amalga oshirishi, saylovlarda tenglik, ochiqlik va xolislik tamoyillari asosida faol ishtirok etib, parlament, mahalliy vakillik organlarida o‘z fraksiyalari va partiyaviy guruhlarini shakllantirishi hamda mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha qonuniy asoslar yaratilgan. Yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Uchrashuvda davlat rahbari «Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi», deb ta'kidlagan.

Oliy Majlis va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bo‘ladigan saylovlar mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea bo‘lib, butun xalqimiz qatori siyosiy partiyalar uchun ham katta siyosiy maktab bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Saylovlarning ko‘ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, dunyoda umume'tirof etilgan demokratik standartlarga mos holda o‘tishi ko‘p jihatdan siyosiy partiyalarning ushbu jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rishi hamda chuqur o‘ylangan yangi g‘oya va maqsadlar, dasturlar bilan ularda faol ishtirok etishiga bog‘liq.










