Jamiyat | 14:40 / 25.08.2019
6153
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalarning 40,5 foizi maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qamrab olingan

Maktabgacha ta'lim vazirligi xodimlarining «Avgust kengashi»da 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olish ko‘rsatkichi sezilarli oshgani haqida ma'lum qilindi.

«2017 yili 3-7 yoshli bolalar respublika bo‘yicha 2 million 500 mingga yaqin bo‘lib, ular uchun faoliyat yuritgan maktabgacha ta'lim muassasalari 4 ming 940tani tashkil etgan edi. Bu respublika bo‘yicha qamrov 27 foiz bo‘lganini anglatadi.

Qisqa muddat davomida bola soni 2 million 700 mingga oshgani qamrov bo‘yicha harakatlarimizga ham ta'sir qildi. Hozir ularning 1 million 66 ming nafari, ya'ni 40,5 foizi maktabgacha ta'lim tashkilotlariga boradi», deydi Maktabgacha ta'lim vaziri birinchi o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov.

Uning qayd etishicha, Maktabgacha ta'lim vazirligi endi faqat bolalar qamrovini oshirish bilan emas, balki samaradorlikka erishish bilan ham shug‘ullanishi kerak.

Bu borada vazirlikning oldida turgan eng asosiy vazifalar nazorat – tahlil – tashxis formulasidan foydalangan holda tizimda ishlovchilarning salohiyatini, ish samaradorligini oshirish, davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari salohiyatidan to‘liq foydalanish va nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga metodik yordam ko‘rsatish bilan amalga oshiriladi.

«Bugungi kunda respublika bo‘yicha maktabgacha ta'lim tashklotlarining 40 foizdan ortig‘i nodavlat ta'lim muassasalari hisoblanadi. Ularning ish samaradorligini ta'minlash uchun metodistlar va bo‘g‘indagi barcha xodimlar mas'ul bo‘lishi kerak», deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.

Mavzuga oid