2 yildan keyin lavozimidan ketishi mumkin bo‘lgan va barcha tomondan ham xushlanaverilmaydigan AQSh prezidenti Donald Tramp, sog‘lig‘i bilan muammolarga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan Germaniya kansleri Angela Merkel va Buyuk Britaniyani Yevropa Ittifoqi tarkibidan eng kam yo‘qotishlar bilan olib chiqishga urinayotgan Boris Jonson fonida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ko‘rinishicha, g‘arb dunyosining yangi yetakchisiga aylanishga intilmoqda. Unda ham davlati ichida muammolar mavjud, biroq bu tashqi siyosiy maydonda o‘z qarashlarini mustahkamlashga urinishga yana bir sababdir.
Xo‘sh, Makron bosh siyosatchiga aylanish uchun nimalar qilmoqda? Bu haqda “Meduza” nashri fikr yuritdi.
Eron tashqi ishlar vazirini “Katta yettilik” sammitiga chaqirdi

Navbatdagi G7 sammiti Fransiyaning Biarrits shahrida o‘tishi barcha uchun ancha oldin ma'lum edi. Biroq sammit kuni shaharda Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning paydo bo‘lishini deyarli hech kim bilmagan. The Washington Post nashrining ta'kidlashicha, Zarifni taklif qilish Makronning shaxsiy tashabbusi bo‘lib, u bu haqida qolgan hamkasblarini ogohlantirmagan. Sammitdan bir kun avval ikki siyosatchi Parijda uchrashgan edi.
Rasman Zarifning fransiyalik hamkasbi Jan-Iv Le Drian bilan uchrashuvi rejalashtirilgan, biroq g‘arb OAV bundan asl maqsad Eron va AQSh vakillarini yuzma-yuz to‘qnashtirishdan iborat bo‘lganiga shubha qilmayapti.
Eron va AQSh o‘rtasidagi inqiroz sammitda muhokama qilingan bosh mavzulardan biri bo‘lgan. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar Tramp ma'muriyati 2015 yilda Eron bilan tuzilgan yadro kelishuvidan chiqib, unga nisbatan yangi sanksiyalar kiritgandan so‘ng keskinlashgan. Tehron bunga javoban yadro texnologiyalari ustida ishlar qayta boshlanishini e'lon qilgan, dunyo okeanida esa “tankerlar urushi” boshlangan.



















