2019 yil 27 avgust kuni Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar bermoqda.
Sessiyada qayd etilganidek, dunyo bozorida kechayotgan g‘oyat murakkab jarayonlar, xususan, shafqatsiz raqobat mamlakat va uning har bir hududini yanada taraqqiy ettirishning yangi va samarali usullarini joriy etishni taqozo etmoqda. Jumladan, parlament ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan tadbirkorlik rivoji yo‘lidagi dolzarb masalalarni o‘rganish jarayoni, odamlar bilan muloqotlar, qolaversa, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan va tadbirkorlarga bo‘lgan ayrim tushunarsiz munosabat haqidagi turli axborotlar bu borada hamon jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Garchi viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining soni 19 mingdan oshib, joriy yilning o‘zida qariyb 21 foizga ko‘paygan. Shunga qaramay, faoliyati to‘xtab qolgan 500 dan ziyod tadbirkorlik sub'yektlarining mavjudligi, bu raqam o‘sib borayotgani xavotirli holatdir. Jumladan, viloyatda joriy yil 1 avgust holatiga 24 ming 707 ta yakka tartibdagi tadbirkor ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 3 ming 872 tasi, ya'ni 18,5 foizi faoliyatini turli sabablarga ko‘ra vaqtincha to‘xtatgan. 436 nafar tadbirkor faoliyatining to‘xtatilishiga esa ularning savdo do‘konlari buzib tashlangani sabab bo‘lgan, 665 nafari banklardan kreditlar olishda turli qiyinchiliklarga duch kelgan.

Shu bilan birga, viloyatda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturining ijrosini ta'minlash, ayniqsa, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish borasidagi ishlar samaradorligi ham pastligicha qolmoqda. 2019 yilga mo‘ljallangan mazkur dastur shu kunga qadar viloyatda bor-yo‘g‘i 13,3 foizga bajarilgan.
Majlisda kreditlashning birlamchi talablari yetarlicha inobatga olinmagani, banklar hamda ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlarning lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagani – tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan yana bir muammo ekanligiga alohida urg‘u berildi. Bu yo‘nalishdagi kamchiliklar oqibatida bugungi kunda viloyatda muddatida qaytarilmagan kredit va foiz to‘lovlaridan jami 337 milliard 222 million so‘mlik muammoli qarzdorliklar yuzaga kelganligi ham ta'kidlab o‘tildi. Bunday holat tijorat banklarining moliyaviy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi barobarida milliardlab so‘mlik mablag‘larni tadbirkorlik rivoji uchun qayta yo‘naltirish imkonini ham cheklamoqda.















