O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va jamoat arboblaridan mamlakat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan qutlovlar kelmoqda. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Hindiston Respublikasi bosh vaziri Narendra Modi shunday yozadi:

“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga va butun O‘zbekiston xalqiga qizg‘in tabriklarim va salomlarimni yo‘llashdan bag‘oyat mamnunman.

Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Siz Janobi Oliylarining joriy yil yanvar oyida Gujarat shtatiga va undan avval Hindistonga amalga oshirgan tashriflaringiz ikki tomonlama munosabatlar rivojini yangi bosqichga ko‘tardi. Ishonchim komilki, strategik munosabatlarimiz yaqin yillarda yanada rivojlanadi va bundanda keng qamrovga ega bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik, farovonlik, do‘st O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va bardavom taraqqiyot tilayman.”.

Pokiston Islom Respublikasi prezidenti Orif Alviy:

“O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga qizg‘in tabriklarimni yo‘llash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Pokiston va O‘zbekistonni umumiy din, mustahkam tarixiy va madaniy mushtaraklikka asoslangan samimiy va ishonchli munosabatlar bog‘lab turadi. Pokiston o‘zaro manfaatli sohalarda aloqalarimizni bundan buyon ham kengaytirishdan manfaatdor. Aminmanki, hamkorligimiz kelgusida ham xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida mustahkamlanib boraveradi.

Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga sihat- salomatlik va baxt-saodat, birodar O‘zbekiston xalqiga esa bardavom ravnaq va farovonlik tilayman.”.

Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon:

“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Pokiston Hukumati, xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Sizga, Janobi Oliylari, O‘zbekiston Hukumati va xalqini chin yurakdan muborakbod etish menga katta mamnuniyat baxsh etadi.

Mushtarak madaniy va tarixiy ildizga ega ikki tomonlama munosabatlarimiz o‘tgan yillar davomida mustahkam birodarlik aloqalariga aylandi. Pokiston ushbu do‘stona hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishdan manfaatdor. Biz, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamfikrlikni yuqori qadrlaymiz.