Transfer oynasi yopilishiga oz vaqt qolmoqda va ko‘pchilikni bir savol - Neymarning kuzni qaysi jamoa safida boshlashi qiziqtirmoqda. Nafaqat Ispaniya yoki Fransiya, balki butun Yevropa futboliga ta'sir etishi mumkin bo‘lgan bu kelishuv haqida so‘nggi paytlarda juda ko‘p xabarlar chiqdi. Bu xabarlar turlicha, bir birini inkor qiladi va eng qizig‘i, ayni manbalar ham bir biriga zid bo‘lgan xabarlarni berishmoqda. Demak, rostan ham bu transfer ustidagi muzokaralar jonli tarzda davom etyapti va soat sayin o‘zgarmoqda.
E'tiboringizga Neymar transferini o‘ziga qamragan so‘nggi bir haftani havola qilamiz.
26 avgust. Dushanba.
«Barselona»ning asosiy tarkibi «Betis» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng dam oldi. Dembele bu o‘yinda jarohat tufayli o‘ynamagandi, Rakitich esa murabbiy qarori bilan maydonga tushmadi. Har ikki futbolchi Neymarning transferiga qo‘shilishi rejalashtirilgandi. Quloqsiz Dembele allaqachon klub rahbarlarining joniga tekkan, uning jarohatlari va mashg‘ulotlarga bo‘lgan munosabati qoniqtirmayapti. Rakitich esa, Valverdega ma'qul bo‘lsa-da, «Barselona» prezidenti Bartomeuning rejalaridan tashqarida. «Barselona» Neymarning ijarasi uchun Dembeleni ijaraga berish va ustiga 40 million yevro to‘lashga rozi. «PSJ» bu taklifni rad etdi.
27 avgust. Seshanba.
Ishga yana «Real» aralashdi va Florentino Peres Neymar uchun Beyl, Navas va Xamesdan voz kechishga tayyorligini bildirdi. «PSJ» bu nomlar o‘rniga Vinisius va Kurtuani so‘radi va shu bilan muzokaralar to‘xtadi. Bu orada kataloniyaliklar klubi tizimida ishlayotgan Viktor Valdes o‘z intervyusida Neymarning transferi bilan bog‘liq nimanidir desa, ishdan bo‘shatib yuborishlarini aytdi. Dembele esa, olovga benzin sepdi - u instagramda o‘zining kataloniyaliklar futbolchisi haqidagi ma'lumotni o‘chirib tashladi.
Kechga yaqin «Barselona» va «PSJ» klublari rahbarlari Parijda uchrashishdi. Kelishuv amalga oshgandek edi: Ikki transh bilan to‘lash sharti bilan 170 million yevro. Ammo «Barselona»da buncha pul yo‘q, «Yuventus» Rakitich uchun katta pul bermoqchi emas. Tomonlar ertasiga uchrashish sharti bilan tarqalishdi. «Barselona» direktori Xaver Bordas Kataloniya radiosiga transfer hal bo‘layotganini aytdi, Parij kutmoqda.
28 avgust. Chorshanba.
Deyarli hal bo‘lgan kelishuv, avvalgi holatga qaytib qoldi. «Barselona» yana pul to‘lamoqchi emas, buning o‘rniga Rakitich va Dembeleni taklif qildi. Parijliklar murabbiyi Tuxel Dembelening kelishiga qarshi emas, ammo Dembele ham, Rakitich ham, Barselonani tark etishga rozi bo‘lishmayapti.















