Bugun, 1 sentabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutida birinchi bosqich kursantlarining «Harbiy qasamyod» qabul qilish tantanali marosimi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi FVV Yong‘in xavfsizligi instituti matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, 

Yong‘in xavfsizligi instituti shaxsiy tarkibi hamda professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va bir qator boshqa jamoatchilik tashkilotlari vakillari, Sergeli tumani hokimligi mutasaddilari, kursantlarning ota-onalari va yaqinlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Hozirda institutda 700 nafarga yaqin kursant tahsil olayotgan bo‘lsa, ularning 150 nafardan ortiqrog‘i birinchi bosqich kursantlari hisoblanadi. Ular FVV Yong‘in xavfsizligi institutiga qabul qilinishi munosabati bilan Vatanga muhabbat va el-yurtga sadoqat, mamlakatimiz Prezidentiga sodiqlikka qasamyod qilishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan, O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev institutning birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlarni «Harbiy qasamyod» qabul qilganliklari munosabati bilan tabrikladi. 

Shundan so‘ng institutning yuqori bosqichlarida tahsil olayotgan, a'lo baholarga o‘qiyotgan va jamoat ishlarida o‘rnak bo‘layotgan iqtidorli kursantlarga - «Vazir stipendiantlari»ga faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi.