Ijtimoiy tarmoqlarda Shoshtepa arxeologik yodgorligining hozirgi holati keng muhokama qilinmoqda. Toshkentliklar uning atrofidagi qurilish ishlari sabab yodgorlikka ziyon yetayotganidan va u kelajak avlodlar uchun saqlanmasligidan xavotirlarini bayon etishyapti. 

Toshkent shahar hokimligi ushbu tarixiy meros nafaqat munosib saqlab qolinishi, balki lozim darajada qayta ta'mirlanishidan manfaatdor, deyiladi hokimlik bayonotida

Qayd etilishicha, hozir mazkur yodgorlikni asrab-avaylash bo‘yicha loyihalash ishlari olib borilmoqda, qulab tushgan tepalik ustini yopish va obekt atrofida sayyohlik hududini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqida keyinchalik atroflicha ma'lumot berilishi aytiladi.

Ma'lumot uchun: Shoshtepa miloddan avvalgi IX va milodiy XVI asrlarga oid yodgorlik bo‘lib, Sergeli tumani, Choshtepa ko‘chasida, Jo‘n kanali bo‘yida joylashgan. Ayni shu yodgorlikdan Toshkentning 2200 yoshini belgilashga imkon beradigan shaharcha belgilari topilgan.