Tahririyatimizga Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkordan murojaat kelib tushdi. U «Har bir oila — tadbirkor» dasturini amalga oshirish to‘g‘risida»gi 3777–sonli qarorni amalga oshirish doirasida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi «Sho‘rchi tomorqa xizmati» MChJ aholiga yirik va mayda shoxli chorva mollari tarqatib bergan.
Prezident qaroriga ko‘ra tashkil etilgan «Sho‘rchi tomorqa xizmati» MChJ direktori Baxtiyor Yusupov uni qiynayotgan muammolarni muxbirimizga shunday hikoya qilib berdi:

Biz Qozog‘istondan yirik va mayda shoxli qoramollarni O‘zbekistonga xarid qilib olib keldik. «Har bir oila — tadbirkor» davlat dasturiga ko‘ra, banklarning bergan ma'lumotnomalariga asoslanib, ularni aholiga tarqatib berdik. Bizga uch ish kunida tarqatgan mollarimiz uchun bank pul o‘tkazib berishi kerak edi. Biroq oradan uch oy (intervyu avgust oyida bo‘lib o‘tgan, bugungi kunga kelib — to‘rt oy) o‘tgan bo‘lsa-da, hanuzgacha bank pul tashlab bergan emas. Qachon borsak «resurs yo‘q», deb bizni noumid qaytarib yubormoqda».

Xullas, qoramollar fuqarolarga yetkazib berilgan, biroq Sho‘rchi tumanidagi «Agrobank», «Qishloqqurilishbank» va «Xalq banki» filiallarining mazkur qoramollar uchun tadbirkor oldidagi umumiy qarzi 1 milliard so‘mdan oshadi.
Tadbirkor bu borada prezident portaliga ham murojaat qilgan. Biroq, uning xatlariga hech qanday javob berilmayapti va pullarni qaytarish chorasi ham ko‘rilmayapti.

Banklar resurs yo‘q, deb pul o‘tkazmayapti. Lekin aholiga chorva mollari tarqatishda banklar imtiyozli kredit beruvchi har bir fuqaro uchun «Sho‘rchi tomorqa xizmati» MChJga xat chiqarishgan, fuqarolar MChJdan chorva mollarini olib ketishgan.















