Iqtisodiyotni barqarorlashtirish, eksport hajmini oshirish maqsadida hududlarda kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Davlat rahbarining shu yil 21 iyun sanasida qabul qilgan 4363-sonli qarorida kichik sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish haqida belgilab qo‘yilgan.
Biroq ushbu muhim hujjat hududlarda ham yetarli darajada ta'minlanyaptimi? Sayt tahririyatiga aynan shu masala bo‘yicha Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan kichik sanoat zonasida faoliyat yurituvchi bir guruh tadbirkorlar tomonidan murojaat kelib tushdi.
Marg‘ilonga borib murojaatchilar bilan uchrashdik.
Bu kichik sanoat zonasida rivojlangan davlatlardagi jahon standartlarini qo‘ying, birlamchi sharoitlar ham yo‘qligiga guvoh bo‘ldik.
Ushbu hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar holatni tushuntirib berishdi.
Mahsulotlar «brak» bo‘lib ketmoqda
Bahrom Mirxo‘jayev, «Siniorita» xususiy korxonasi rahbari:
– Bizdagi eng asosiy muammo bu – elektr masalasi. Kuchlanish juda past. Tez-tez o‘chib turadi. Biz hozir aholi liniyasida o‘tiribmiz. Tender vaqtida bizga gaz, elektr va boshqa kommunal xizmatlar 100 foiz bo‘lishini va'da qilishgandi. Bunga ishonib o‘zimizga vazifa olganmiz. Masalan, investitsiya kiritish, ishchi o‘rni yaratish, qurilishlar qilish kabi vazifalar. Biz aytilgan ishlarni qilyapmiz, lekin o‘ziga xos muammolar bor. Birinchi navbatda elektr muammosi. Svet o‘chadi, ish to‘xtaydi. Mening korxonamda 120 kishi ishlaydi. Elektr o‘chsa, ishsiz o‘tirishadi. Bu yerda suv ham muammo. O‘zi 25 mm. o‘lchamdagi trubada keladi. Bu ehtiyojimiz uchun yetmaydi. Bu bitta xonadon uchun yetadigan me'yor. Butun kichik sanoat zonasiga kichik trubada keladi. 2018 yilda biz uchun alohida liniya tortilishi haqida va'dalar berishgan edi. O‘tgan yili bitishini aytishgandi. 2019 yilning avgust oyi tugayapti, va'dalar bajarilishidan darak yo‘q. Buyoqda mahsulotlarimiz sifatsiz bo‘lib ketyapti. Masalan, biz ayollar poyabzalini ishlab chiqaramiz. Agar 100 juft mahsulotni uskunada ishlab chiqarayotgan vaqtimizda elektr o‘chsa, hammasi «brak»ka chiqib ketadi. Mahsulot issiqdan chiqib, sovuqqa, muzlatgichga kirishi kerak.






















