O‘zbekiston | 09:18 / 18.09.2019
7741
3 daqiqa o‘qiladi

Elyor G‘aniyev Sofiyaga bordi. O‘zbekiston Bolgariyadan qator mahsulotlar import qilishdan manfaatdor ekani ta'kidlandi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Elyor G‘aniyev boshchiligidagi delegatsiya Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Bolgariya-O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasining beshinchi sessiyasida ishtirok etdi.

Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elyor G‘aniyev savdo sohasida amalga oshirilmagan salohiyatga e'tibor qaratdi va O‘zbekiston Bolgariyadan farmatsevtika, kimyo sanoati, texnologiya, qishloq xo‘jaligi sohalarida yuqori sifatli mahsulotlarni import qilishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi. Bolgariya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar almashinuvi so‘nggi yillarda o‘sib bormoqda, 2018 yilda esa 2017 yilga nisbatan 1,3 %ga oshdi va 20 million AQSh dollariga yetdi.

Tashrif davomida Bolgariya ilmiy-texnik va biznes doiralari vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va ilmiy-texnik sohadagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish bo‘yicha uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazildi.

Bolgariya fanlar Akademiyasi (BAN) qoshidagi qo‘shma innovatsiya markazi direktori Marin Pandev bilan uchrashuv doirasida har bir tomonni o‘z qismi bo‘yicha moliyalashtirish rejalashtirilgan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bolgariya tomoniga o‘zbek olimlari uchun amaliyot kurslarini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish taklif qilindi. BAN rahbariyati tomonidan ijobiy qaror qabul qilish yakunlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda hamkorlikni o‘rnatishdan manfaatdor ekani, BAN qoshidagi qo‘shma innovatsiya markazi va O‘zR Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi o‘rtasida tajriba almashish faollashadi.

Bolgariyaning kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi Ijrochi direktori o‘rinbosari Yana Topalova bilan muzokaralar chog‘ida fikr almashildi, innovatsion ekotizimni rivojlantirish g‘oyalari muhokama qilindi. 

Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Azimjon Nazarov Agentlik rahbariyatini oktabr oyining oxirida bo‘ladigan «INNOWEEK 2019» - innovatsion g‘oyalar haftaligida ishtirok etish uchun Toshkentga taklif qildi.

Mavzuga oid