O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.
Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qurilish vazirligining:
Qurilish vazirligi faoliyatiga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini joriy etish va uni 2020 yil 1 iyunga qadar Toshkent viloyatida markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalaridan, shu jumladan, investitsiya loyihalari hisobidan moliyalashtiriladigan obektlar qurilishi jarayonida tajriba tariqasida ishga tushirish;
tajriba natijalariga asosan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini 2021 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasining butun hududida real vaqt rejimida ishlashini ta'minlash;
b) O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2020 yil 1 martga qadar davlat shaharsozlik kadastrini yuritish hamda shaharsozlik hujjatlari va ma'lumotlarini jamoatchilikka onlayn rejimda taqdim etish imkonini beruvchi “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal)ni ishlab chiqish va test rejimida ishga tushirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.
Quyidagilar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining asosiy vazifalari etib belgilandi:
- obektlarning manzilli dasturi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan obektlarning yillik manzilli ro‘yxati shakllantirilishini, ma'lumotlar bazasini yangi qurilish, rekonstruksiya va kapital ta'mirlash obektlari bo‘yicha turlarga bo‘lib yuritilishini ta'minlash;
- obektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda hududiy yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari tomonidan loyihaoldi ishlarining amalga oshirilishi, buyurtmachi bilan loyiha tashkiloti o‘rtasida shartnoma tuzilishi va avans mablag‘lari ajratilishi hamda ishlar tugallanganligi to‘g‘risidagi aniq va ishonchli ma'lumotlarning muntazam elektron bazaga kiritib borilishi va yuritilishini ta'minlash;
- loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda buyurtmachi va ekspertiza tashkiloti o‘rtasida tuzilgan shartnomalar, ko‘rsatilgan xizmatlarning moliyalashtirilganligi, tugallangan loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizadan o‘tkazilganligiga oid elektron ma'lumotlar bazasini shakllantirish;









