O‘zbekiston | 11:26 / 23.09.2019
57393
3 daqiqa o‘qiladi

Chimkentda o‘zbekistonlik talabalar mahalliy yoshlar tomonidan kaltaklanayotgani xabar qilindi. TIV maxsus ma'lumot bilan chiqdi

Foto: Ramiz Baxtiyarov

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yil 21 sentabr kuni Chimkent shahridagi Mintaqaviy ijtimoiy-innovatsion universitetda O‘zbekiston elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev, Chimkent shahar hokimligi vakillari, Universitet rektori Sandibay Boranbayev, Qozog‘iston Xalq assambleyasi raisi o‘rinbosari Sherzod Pulatov, Qozog‘iston Xalq assambleyasining Chimkent shahri bo‘yicha raisi o‘rinbosari Muradali Xalmuradov, Qozog‘iston Respublikasi o‘zbeklarining «Do‘stlik» etnomadaniy birlashmalari assotsiatsiyasi raisi Ikrom Hoshimjonov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Chimkent shahrida ta'lim olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini ta'minlash, qoidabuzarlarga qonuniy choralar ko‘rish va kelajakda noxush hodisalarning oldini olish uchun zarur profilaktika tadbirlarini o‘tkazish borasida ko‘riladigan choralar muhokama qilindi, deyiladi TIV xabarida.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi Elchixonasi va Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi (Chimkent shahri uning konsullik okrugiga kiradi) vaziyatni nazoratga olgan. TIVning topshirig‘iga binoan Bosh konsulxona vakillari shaharda bo‘lib turibdi, hudud va Universitet rahbariyatlari, o‘zbekistonlik talabalar bilan aloqa o‘rnatilgan. Mamlakatdan borgan talabalarga ularning diplomatik vakolatxona himoyasida ekanligi tushuntirilgan.

Qayd etilishicha, barcha mavjud muammolar Chimkent shahri mahalliy hokimiyati bilan birgalikda hal qilinadi. Mahalliy hokimiyat diplomatik vakolatxona faoliyatiga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda.

Bundan oldin, ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istoning Chimkentdagi Akademik-innovatsion universitetda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar mahalliy aholining tazyiqiga uchrayotgani haqida murojaat paydo bo‘lgandi.

Konsullik-huquqiy departamenti Qozog‘istonning Olmaota va Chimkent shaharlari, Olmaota, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatgan: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16.

Mavzuga oid