«Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga ko‘p kvartirali uylardan xonadonlar ajratish hamda ipoteka kreditlari olish huquqiga ega talabgorlarni saralab olish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjat prezidentning 20 avgustdagi farmoniga asosan ishlab chiqilgan. Bu farmonda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga 2020 yilda davlat buyurtmasi asosida quriladigan ko‘p kvartirali uylardan 3 462 ta xonadon ajratilishi belgilangan edi.
Ushbu xonadonlar uchun ipoteka krediti olish istagida bo‘lganlar «labor migration» dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Bu dastur 1 oktyabrga qadar joriy etiladi.
Loyihaga asosan, uy-joyga talabgor migrantlarni tanlab olish quyidagi ijtimoiy mezonlar asosida amalga oshiriladi:
a) ariza beruvchida mulk huquqi asosida turar joyning yo‘qligi va turar-joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi;
b) boshqa oila (oilalar) bilan bir uyda (bir xonadonda) yashashi;
v) ko‘p bolalilik (uch va undan ortiq);
g) ariza beruvchi oilasining daromadi;
d) ijtimoiy xususiyatiga ko‘ra alohida xonada yashashi kerak bo‘lgan (sil, teri-tanosil kasalliklarining og‘ir ko‘rinishi, qandli diabetning yiringli yallig‘lanishi, psoriaz) bemor oila a'zolar (tuman tibbiyot birlashmasining xulosasi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ma'lumotnomasi asosida);
ye) ariza beruvchining oila a'zolari orasida birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;
j) ariza beruvchi uy-joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun umumiy uy-joy maydoni 16 kv. metrdan kam bo‘lmagan, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kv. metrdan kam bo‘lmagan) uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi;
z) yolg‘iz o‘zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarni tarbiyalayotganlar (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ma'lumotnomasi asosida).
Ariza beruvchilarning uy-joyga muhtojligi darajasi tegishli komissiya tomonidan qo‘yiladigan ballardan kelib chiqib aniqlanadi va yozma tavsiya birinchi navbatda eng yuqori ball to‘plagan talabgorlarga beriladi.
Yozma tavsiya berish rad etilgan taqdirda, komissiya rad etishning aniq sabablarini ko‘rsatgan holda ariza beruvchiga yozma xabarnoma yuboradi. Shuningdek, ariza beruvchiga rad etilishining sabablarini bartaraf etish uchun muhlat beriladi, bu muhlat 5 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
















