Jahon | 09:10 / 25.09.2019
15467
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Zelenskiy bilan suhbati matnini e'lon qilishga ruxsat berdi

Foto: Jonathan Ernst / Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan iyuldagi suhbatining tahrir qilinmagan to‘liq matnini e'lon qilishga ruxsat berdi. 

«Men hozir BMTda AQShni bildirmoqdaman. Kecha Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan suhbatimning to‘liq, tahrir qilinmagan matnini e'lon qilishga ruxsat berdim», deb yozgan Tramp tvitterda.

«Bu juda do‘stona va o‘rinli qo‘ng‘iroq bo‘lganiga amin bo‘lasiz. Hech qanday bosim bo‘lmagan va Jo Bayden va uning o‘g‘li bilan bog‘liq voqeadan farqli hech qanday “sizdan ugina, bizdan bugina” qabilida ish bo‘lmagan», deb qo‘shimcha qilgan Tramp.

AQSh prezidenti Zelenskiy bilan suhbati atrofidagi vaziyatni AQSh demokratlari tomonidan olib boriluvchi «jodugarlar ovi»ning davomi deb atagan.

Avvalroq AQShning bir qator ommaviy axborot vositalari Tramp Zelenskiy bilan 25 iyuldagi suhbatida ukrainalik hamkasbini Jo Baydenning o‘g‘li Xanterga nisbatan tergov boshlash zarurligiga ko‘ndirishga harakat qilganini ma'lum qilgan. 

Bayden bu xabarga javoban Trampning Zelenskiy bilan suhbati matni e'lon qilinishini talab qilgan.

AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden Trampning 2020 yilgi prezident saylovlari bo‘yicha asosiy raqibi sifatida ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid