Jo‘shqin musiqa, sport musobaqalari, bir-biridan qiziqarli tanlovlar... O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining «Oila kuni» xuddi shunday yorqin taassurotlarga boy tarzda o‘tdi.

1 oktabr kuni O‘zbekiston moliya-bank tizimidagi eng yirik muassasalardan biri hisoblangan TIF Milliy banki o‘z taqvimidagi «Milliy bank oila kuni»ni nishonladi. Milliy bank tasarrufidagi «Yoshlik» sport-sog‘lomlashtirish majmuasida bo‘lib o‘tgan bu shodiyona bank xodimlarining o‘z oila a'zolari bilan birgalikda hordiq chiqarishlari, sport bilan yaqinroq bo‘lishlari uchun imkon yaratdi.

«Milliy bank oila kuni»da o‘zbek boksining yulduzlari – Shahram G‘iyosov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin G‘oyibnazarovlar ham qatnashdi. Boks chempionlari va bayram mehmonlari birgalikda sport mashqlarini bajarib, fleshmobda ishtirok etishdi.