Kun.uz tahririyati bugungi ilm-fan, innovatsion tadqiqotlar, yaratilayotgan sharoitlar, yutuq va kamchiliklar, muammo va takliflar haqida olimlar bilan suhbatlarini davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz O‘zFA Umumiy va noorganik kimyo instituti akademigi Shafoat Sattarovich Namazov bo‘ldi. Ushbu olim ko‘p yillik ilmiy faoliyatini mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirishga bag‘ishlagan.

O‘z rahbarligingizdagi ushbu laboratoriya tarixi, bugungi faoliyati, amalga oshirilayotgan tadqiqotlar haqida so‘zlab bersangiz?

— O‘zFA Umumiy va noorganik kimyo instituti fosforli o‘g‘itlar laboratoriyasi 1992 yilda tashkil topgan bo‘lsa (undan avval murakkab va fosforli o‘g‘itlar laboratoriyasi deb atalgan), shundan buyon laboratoriya mudiri bo‘lib ishlab kelaman. Laboratoriya tashkil qilinganda 5 nafar ilmiy xodim bor edi, xolos. Hozir esa 2 nafar akademik, 4 nafar fan doktori, bir fan nomzodi, 2 nafar falsafa doktori (phd), 9 nafar ilmiy xodim, bir nafar yetakchi muhandis, shuningdek, boshqa injyener va laborantlar xizmat qiladi. Bundan tashqari, 6 nafar tayanch doktorant va bir doktorant ilmiy tadqiqotlarini olib bormoqda.

Laboratoriya asosan uch yo‘nalishda ilmiy faoliyat olib boradi:

Birinchisi, Qozog‘iston va O‘zbekiston mahalliy fosforitlarini qayta ishlab, tarkibidagi azot, fosfor, kaliyli ozuqa moddalari bo‘lgan o‘g‘itlarning yangi turlari texnologiyalarini ishlab, amaliyotga joriy qilish;

Ikkinchisi, Angren va Sharg‘un ko‘mirlari asosida nitrat kislotasi bilan qayta ishlab argona-mineral o‘g‘itlar texnologiyasini qayta ishlab chiqish;

Uchinchisi, nitrat-ammoniy suyuqlanmasiga har-xil noorganik moddalarni qo‘shib, modifikatsiyalangan, portlash xususiyati kam bo‘lgan ammiakli selitra o‘g‘itini ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy qilish.

Mana shu yo‘nalishlarda biz bir necha ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqqanmiz.

2014 yilda tarkibida kalsiy, magniy bo‘lgan ohakli-ammiakli selitraning texnologiyasini ishlab chiqdik. Hozirgacha 35 ming tonna ishlab chiqarildi. Bu o‘g‘itning afzalligi shundaki, buni eksport qilish mumkin. Yevropaning qora tuproqli davlatlaridagi tuproq nordon tuproq hisoblanadi. Toza ammiakli selitra berilsa, u parchalanib ketadi. Tarkibida kalsiy, magniy karbonati bo‘lgan ohakli selitra berilganda, birinchi navbatda, tuproq neytrallanadi.