Jahon | 09:39 / 05.10.2019
52119
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Captiva sovg‘a qilgan tojikistonlik dehqon Kamol Madumarov vafot etdi 

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Captiva sovg‘a qilgan tojikistonlik dehqon Kamol Madumarov vafot etdi. Bu haqda Tojikiston prezidenti saytida xabar qilingan.

Qayd etilishicha, Kamol Madumarov 4 oktabr kuni 80 yoshida hayotdan ko‘z yumgan. Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon telefon orqali marhumning katta o‘g‘li bilan bog‘lanib, qarindoshlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.

«Kamol Madumarov o‘zining samarali faoliyati davomida mamlakat qishloq xo‘jaligi, ayniqsa bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shdi hamda o‘z tajribasi va ko‘nikmalarini o‘lkasi rivoji uchun sarfladi», - deyiladi Tojikiston prezidenti saytidagi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning sentabr oyi oxirlarida O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Tursunzoda tumanidagi «Bog‘i somon» dehqon xo‘jaligiga tashrif buyurgandi.

Xo‘jalik rahbari Kamol hoji Madumarov asli oltiariqlik usta dehqon farzandi ekani aytilgan. U ota kasbini davom ettirib, qut-baraka, elda obro‘ topgan. 

Prezident uzumzor bog‘ va mahsulotlar omborini ko‘zdan kechirgan. Shavkat Mirziyoyev Kamol ota Madumarovga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Captiva avtomashinasini sovg‘a qilgandi.  

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid