Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanidan bir guruh tadbirkorlar murojaat yo‘lladi. Murojaatda tuman markazidagi do‘konlar hokim buyrug‘i bilan buzilgani, kompensatsiya puli esa berilmayotgani haqida so‘z yuritiladi.
Masalani o‘rganish uchun Muzrabotda bo‘ldik va tadbirkorlarning e'tirozlarini tingladik.

«Tumandagi «Yangi hayot» mahallasi hududidagi xususiy do‘konlarimiz «Obod markaz» dasturi amalga oshirilishi munosabati bilan hokimlik tomonidan buzdirildi. Bizga hech qanday ogohlantirish xati ham berilmadi. Bir oy ichida bu ishlar bo‘lib ketdi.
Oradan uch oydan ziyod vaqt o‘tdi, ammo xususiy mulkimiz o‘rniga yer ham taklif etilmayapti, kompensatsiya puli shu kunga qadar to‘lab berilgani yo‘q. Kundan kunga narxlar oshmoqda. Do‘konlarimizni baholatgan bahosi qadri pulimizni olmasdan tushib boryapti.
Barchamizda mulk huquqini tasdiqlaydigan va kadastr hujjatlari bor. Biz tuman markazi yanada obod bo‘lishiga qarshi emasmiz, faqat yetkazilgan zararni qoplab berishsin», — deydi biz bilan suhbatda tadbirkorlar.

Shundan so‘ng hududni ko‘zdan kechirdik. Tuman markazida «Obod markaz» dasturi asosida olib borilayotgan obodonlashtirish va qurilish ishlari avjida. Tadbirkorlarning buzilgan do‘konlari o‘rniga ham obektlar qurilmoqda.

Tadbirkorlardan buzilish haqida ogohlantirish bo‘lgan-bo‘lmaganini so‘radik. Ularning ta'kidlashicha, hech kim buzilishlar haqida ogohlantirilmagan ekan. Kelishuv bitimlari do‘konlar buzilganidan so‘ng ancha vaqtdan keyin rasmiylashtirilgan. Ammo barcha tadbirkorlar bilan ham bunday kelishuv tuzilgan emas.
Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 4-bandida tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib, uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shartligi qayd etilgan.










