Jamiyat | 10:51 / 08.10.2019
33250
3 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi maktabda pedagoglarni kaltaklagan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Andijon shahar 50-sonli umumta'lim maktabi hududida ikki nafar pedagog xodimga tan jarohati yetkazilganligi holati yuzasidan xabar berilgandi. 

Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning ma'lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan 2019 yil 8 oktabr kuni Andijon shahar IIO FMB huzuridagi TB tomonidan fuqaro U.T. va uning ikki nafar sherigiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Qayd etilishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 5 oktabr kuni Andijon shahridagi 50-umumiy o‘rta ta'lim maktabida pedagoglar kaltaklandi. Maktabda soat 13:20 da ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘. hamda Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.A. tomonidan kiyinish madaniyatiga rioya qilmagan va darsga kech qolgan matematika fani o‘qituvchisi D.Yu.ga og‘zaki ogohlantirish berilganda ular o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Tortishuv natijasida D.Yu.  ularga turmush o‘rtog‘i bilan tahdid qilgan.

Soat 13:35 larda D.Yu. turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti bilan maktabga bostirib kirib, maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘. hamda Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.A.larni maktab kirish qismida temir tayoq bilan do‘pposlagan. 

Shu paytda ularni ajratgan o‘qituvchilarni yomon so‘zlar bilan haqorat qilib, ularni ham do‘pposlashga uringan. Ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan shoshilinch tez tibbiy yordamga hamda hududiy profilaktika inspektorlariga xabar berilgan. Soat 14:00da profilaktika inspektorlari voqea joyiga yetib kelgan, lekin D.Yu.ning turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti hodisa sodir etilgan joydan ketib bo‘lgan.

Jabr ko‘rganlar shoshilinch tez tibbiy yordam navbatchi shifokorlari tomonidan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Andijon filialiga olib ketildi. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra Sh.O‘. miya chayqalishi, burun sinish, yuzining o‘ng qismining ko‘zi atrofi hamda oyoqlarining tizza qismi qattiq zarbada jarohatlangani, G‘.A.ning miya chayqalishi, burun va ikki tishi sinishi, badani hamda chap qo‘lini zarbadan qattiq jarohatlangani aniqlangan.

Mavzuga oid