Karim Benzema bir gol uchun o‘nlab vaziyatlarni qurbon qilayotgan paytda, Madrid jamoasi muxlislari aynan Yovich singari sovuqqon hujumchini orzu qilishgani bor gap. Oltmish million yevroga baholangan ushbu transfer ham ko‘pchilikning umidiga sabab bo‘lgandi. To‘g‘ri, hozircha Zidan Benzemaga ishonishda davom etmoqda, Yovich esa, hatto ijaraga berib yuborilishi haqidagi gap so‘zlar ham paydo bo‘ldi. Ammo quyidagi hikoyani o‘qisangiz, qahramonimiz osonlikcha o‘z imkoniyatini qo‘ldan boy bermasligiga amin bo‘lasiz. Serbiyalik yosh hujumchi The Players Tribune loyihasining navbatdagi mehmoni bo‘ldi.

«Ba'zida, men tug‘ma shundayman, deb o‘ylab qolaman. Bu hayotda hammaning o‘ziga yarasha iqtidori bor, meniki esa, menimcha, gol urish.

Aynan hujumchi bo‘lib o‘ynashni qachondan beri xohlaganimni eslolmayman, ammo doim gol urish men uchun muhim bo‘lgani aniq. Bolaligimda 2006 yilgacha bo‘lgan barcha jahon chempionatlarida urilgan gollar to‘plangan videokassetam bo‘lardi. Rojye Millaning gollari meni o‘ziga maftun etgan, va albatta, Ronaldo – haqiqiy Ronaldoning darvozabonlar qarshisida qanday zarba berishidan hayratlanardim. Ronaldo buni xuddi fokus ko‘rsatayotgan sehrgardek tezlikda amalga oshirar, men uyda xuddi shunday tepishni tinmay mashq qilardim. Uning uslubi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi menga o‘z ta'sirini ko‘rsatgan.

Menimcha, gol urishga bo‘lgan qiziqishimni birinchi murabbiylarim ham sezishganki, ilk mashg‘ulotlardayoq meni raqib darvozasi oldida o‘ynatishgandi. Otam meni Loznitsadagi mahalliy futbol klubiga olib borgan, esimda, u yerda hamma joy ko‘k rangga burkangandi. Maydon atrofidagi to‘siqlar ham ko‘k, yon tarafdagi kichik mehmonxona binosi ham shu rangda. Yosh bolaman, xayolimda, dunyodagi barcha futbol maydonlari ham mana shunday ko‘k rangda edi. Qachonki, «Tsrvena Zvezda» skautlari meni payqashgachgina, bildimki, futbol olamida boshqa ranglar ham bor ekan. U paytda hali endi sakkiz yoshdaman, meni kelajakda yana qanday ranglar kutayotganini bilmasdim.

Men Batar nomli joyda o‘sganman. U yerni bilmaysiz, xijolat bo‘lmang. Rostanam u yer juda kichik joy – atigi 105ta uy bor, xolos. Ammo men uchun o‘ziga xos joy. Bir kuni batarlik odam «qishlog‘im Parijdan ham chiroyli» degandi. Bu haqiqat. U yerning odamlari asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishadi va agar gaplashsangiz, faqat ikki narsaga ishonishlariga guvoh bo‘lasiz: qattiq mehnat qilish va orzu. Deyarli butun batarliklar farzandlarining kollejda o‘qib, kattaroq shaharga ishga joylashishi uchun pul yig‘ishadi.

Men bilan ham shunday bo‘lgan. Ota-onam hayotda o‘z o‘rnimni topishim uchun ko‘p ishlashardi. Ulg‘ayganimda otamning magazini bor edi. Agar qaysidir paytda ahvoli yaxshi bo‘lmasa, bankdan kredit olar va har kuni meni mashg‘ulotlarga olib borishni kanda qilmasdi. Rossiyada ishlaydigan amakim esa, oilamiz moliyaviy ahvolidan xabar topsa, darrov menga butsa va krassovkalar, otamga esa, pul jo‘natardi. Menimcha serb oilalari mana shunday ahil, juda yaqin bo‘ladi. Boshqa iloji ham yo‘q.