Iroq yana mojarolar markaziga aylandi. Bu gal mamlakat o‘zi uchun yangicha inqiroz girdobida qoldi. Iroqdagi urush vaqtida tug‘ilgan va dunyoga kelganidan buyon urushdan boshqa narsa ko‘rmagan yoshlar mamlakatdagi korrupsion tizimdan toqatlari toq bo‘lib namoyishga chiqishdi. Bir haftadan ko‘proq davom etgan namoyishlar kamida 100 kishi otib tashlanishi bilan yakunlandi...
Avvaliga internet va ijtimoiy tarmoqlarni bloklagan Iroq hukumati vaziyat jiddiylashib ketganidan so‘ng yoshlarga islohotlar taklif qildi. 100 kishining o‘ldirilishini esa hukumat «noma'lum snayperlarning ishi» deb atamoqda.
Norozilik aksiyalari 1 oktabr kuni poytaxt Bag‘dodda boshlandi, keyin esa boshqa shaharlarda ham minglab odamlar ko‘chalarga chiqishdi.
Namoyishlarning ilk kunlaridan boshlab politsiya va armiyaning maxsus askarlari odamlarga faol qarshilik ko‘rsatadi. Yosh namoyishchilar esa bunga javoban ballonlar yoqishdi, ular hatto 50dan ortiq binolarga ham o‘t qo‘yishdi. Binolar orasida hukumatga aloqadorlari ham bor edi.
3 oktabr kuni Iroq hukumati mamlakatda komendantlik soati e'lon qildi. Keyin esa Iroqning ba'zi hududlarida internet o‘chirildi. Iroq bosh vaziri Odil Abdul-Mahdi bu choralarni «yutish kerak bo‘lgan achchiq dori» deb atadi. Hukumat rahbarining tusmol qilishicha, namoyishlarga chora ko‘rilmasa, bu davlat to‘ntarishiga olib keladi.

Keyingi kun esa... Keyingi kun Al Jazeera nashri ma'lum qilishicha, haqiqiy qirg‘in boshlanadi. Iroq xavfsizlik kuchlari askarlari havoga emas, odamlarga qarata o‘q uzdi. Qurbon bo‘lganlar soni soat sayin oshib bordi. Iroq bosh vaziri Abdul-Mahdi bu otishmadan so‘ng hukumat kuchlariga o‘zini himoya qilishdan boshqa topshiriq bermaganini aytib, namoyishchilar bilan uchrashishga tayyor ekanini aytdi. Ammo bu chiqish ham foyda bermadi. Ertasi kuni yanada ko‘proq odamlar ko‘chaga chiqdi va yana o‘nlab odamlar halok bo‘ldi. Iroq politsiyasining axborotiga ko‘ra, namoyishlar vaqtida 110 nafar odam halok bo‘lib, 6 mingdan ko‘proq odam yaralangan.
Terrorizm yengildi, endi navbat korrupsiyaga

IShID chekinganidan buyon Iroqqa terrorizmning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavfi kamaydi, odamlarning endigi maqsadi korrupsiyani yengish. Xalq korrupsiyaning zarari terrorizmdan kam emasligini aytmoqda. Singapur universitetining Yaqin Sharq instituti eksperti Fanar Haddodning aytishicha, iroqliklar o‘zlarini uzoq vaqt terrorizm va mamlakatning mavjud bo‘lishiga tahdid o‘rtasidagi qopqonda deb his qilishardi, hozir esa ular o‘zlarini siyosiy va oligarxlarga xizmat qilayotgan iqtisodiy inqiroz orasiga tushib qolgandek sezishmoqda.








