2019 yil yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 14-sonli qarori qabul qilingandi.
Respublika qishloq xo‘jaligini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilingan mazkur qarorga asosan ko‘plab fermer xo‘jaliklarining yerlari davlat zaxirasiga qaytarildi va tasdiqlangan nizom asosida tanlov o‘tkazilib, g‘oliblarga ajratildi.
Ammo tan olib aytish kerakki, ushbu qaror ortidan ayrim mahalliy hokimlik va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida turli tushunmovchilik va nizolar yuzaga kelmoqda. Yer maydoni boshqa fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan fermerlar asosan komissiya xulosalari va tanlov noxolis o‘tkazilgani, shaffoflik ta'minlanmagani, tanish-bilishchilik va nohaqliklardan shikoyat qilishdi.
Kun.uz tahririyatiga ham bu masalada fermerlar tomonidan ko‘plab murojaatlar bo‘ldi va jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazildi.
Tahririyatga shu mazmundagi navbatdagi murojaat Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani, «Ekraz» mahallasida istiqomat qiluvchi Sirojiddin Abdug‘afforov tomonidan yo‘llandi.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Oltinsoy tumanida bo‘ldik va fermerning e'tirozlarini tingladik.
«2018 yilda «Baxtbek Isoqov» fermer xo‘jaligini tashkil etdim. Fermerligim tashkil topganiga endigina o‘n oy bo‘lganida hokim qarori bilan tugatildi va yer olib qo‘yildi. Hokimlik buni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida maqbullashtirish bo‘lgani bilan izohladi. Lekin bu jarayonda huquqlarim ochiqchasiga buzildi. Tuman hokimligi 2018 yil g‘alladan bo‘shagan yerga takroriy ekin uchun fermerligim bilan shartnoma qilgandi. Shu shartnoma asosida fermer xo‘jaligim yer maydonida karam, sabzi, piyoz mahsulotlari ekilgan edi. Yer olib qo‘yilayotganidan norozilik bildirganimdan keyin tuman hokimi takroriy ekinlar tayyor bo‘lmasa-da, traktorni ustiga haydattirdi. Shuncha mehnat bekor ketdi, shuncha mahsulot uvol bo‘ldi. Hokimlik va fermer xo‘jaligim o‘rtasidagi shartnomaga ham qarab o‘tirishmadi. Yerimni ham olib qo‘yishdi. Haligacha fermerligim tugatilganligi haqidagi tuman hokim qarorini ham menga berishmagan», – deydi fermer.
O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, tuman hokimining 2018 yil 30 martdagi qarori bilan «Ekraz» mahallasi hududidan 29,55 gektar yer paxta-g‘allachilik ixtisosligidagi fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun 30 yil muddat bilan «Baxtbek Isoqov» fermer xo‘jaligiga ijaraga berilgan.

















