Samarqand bu yil har doimgidan ham ko‘proq sayyohlar bilan gavjum bo‘lmoqda. Shaharda sayyohlar oqimi ko‘payishi ularga xizmat ko‘rsatayotgan aholi qatlamining daromadlari keskin oshayotganidan ham bilinadi. Yaqinda mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanayotgan bir samarqandlik bilan gaplashdik. U Rossiyadan qaytib kelgani, sayyohlarning qadami uzilmayotgani uchun endi Rossiyada ishlashning hojati qolmaganini aytdi. Masalan, Registon maydoni atrofida yashaydigan odamlar hovlisining bitta xonasini mehmonxona qilsa, bu kamida o‘z xarajatlarini qoplashga yetarli daromad olib keladi. Ammo Samarqandning imkoniyatlari hozirgidan ancha yuqori. Shaharda turizmni rivojlantirish uchun qanday ishlar qilinmoqda? Sayyohlar faqat tarixiy obidalarni tomosha qilish bilan cheklanadimi? Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan suhbatda shu kabi savollarga javob oldik.
«Tarixiy qismdagi har qanday qurilish UNESCO bilan bamaslahat qilinadi»
Samarqandning tarixiy qismidagi qurilishlar sabab ko‘hna shahar UNESCO’ning elit ro‘yxatidan chiqib qolishi mumkinligi haqida mish-mishlar ko‘paydi. O‘zbekistonning brendiga aylangan Samarqandning bu ro‘yxatdan chiqishi masalasi esa nafaqat shahar, balki butun mamlakat uchun ahamiyatli hisoblanadi. Bu borada viloyat hokimining fikri bilan qiziqdik.
«O‘zbekiston hukumati, shu jumladan Samarqand ham UNESCO ro‘yxatida qolishni xohlaydi. Bu tashkilot biror shaharni o‘z tarkibiga kiritish uchun yugurmaydi, aksincha davlatlar bu tashkilotga a'zo bo‘lish uchun harakat qilishadi. UNESCO’ga a'zo bo‘lish bizga nima beradi? Bu doimiy sayyohlar oqimini ta'minlaydi. Biror shaharning UNESCO ro‘yxatida turishi bu o‘sha shaharning rasman qadimiy deb tan olinganidan darak beradi.
UNESCO bizga pul beradimi deb so‘rashlari mumkin. Agar to‘g‘ri munosabatlar shakllantirilsa, bu tashkilot kichik loyihalarni moliyalashtirishda ham qatnashadi. Avval bu tashkilot ham bizga qandaydir qarshilik qilmagan, chunki biz uzoq vaqt yarim yopiq bo‘lganmiz. Hozir ham UNESCO hadeganda tekshiruvchilarini yuborib qayerda qanday bino qurilyapti deb surishtirib yurgani yo‘q. Odamlarning o‘zi bu borada xabar bermoqda. Ba'zida aslida bo‘lmagan ishlar ham UNESCO’ga yuborilgan holatlar kuzatildi. Masalan, Namozgoh hududida uylar buzilayotgani haqida tashkilotdan bizga xat keldi, ammo biz u yerda aslida hech qaydan bino buzilmaganini ko‘rsatib, vaziyatni to‘g‘rilaganmiz.



















