O‘zbekiston | 18:10 / 09.10.2019
13799
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi tizimi bo‘yicha eng ko‘p tanqidiy materiallar qaysi viloyatlarga to‘g‘ri kelgani aytildi

Joriy yilning 8 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida hududiy boshqarmalarning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma'lumotiga ko‘ra, 9 oy davomida tizim bo‘yicha tanqidiy maqolalar soni 226 tani tashkil etgan.

Asosiy muammolar darslik, o‘quv qurollarining yetishmasligi, maktabga qabul jarayoni, ta'lim sifatining pastligi va boshqalardan iborat.

Vazirlik axborot xizmati tomonidan mazkur tanqidiy materiallar tahlil qilinganida, ushbu davr mobaynida eng ko‘p tanqidlar Samarqand viloyati (41 ta), Qashqadaryo viloyati (16 ta), Surxondaryo viloyati (11 ta) va Toshkent shahrida (11 ta) to‘g‘ri keldi.

Videoselektor davomida Xalq ta'limi vazirligi rahbariyati tomonidan hududlarda OAV bilan ishlash bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid qilindi. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Jumladan, har bir hududiy boshqarma rasmiy vebsaytlari, Facebook va Telegram tarmoqlarida rasmiy sahifalarini yuritishi hamda tizimda olib borilayotgan islohotlarni muntazam yoritib borishi ta'kidlandi.

Axborot xizmati faoliyatini tashkil etish borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun Farg‘ona viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Ma'ripjon Turdimatovga hayfsan e'lon qilindi, deyiladi Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabarida. 

Mavzuga oid