Vazirlar Mahkamasining “Baxshichilik san'atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

 O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2020/2021 o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 23-son bolalar musiqa va san'at maktabini baxshichilik san'atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga aylantirish hamda maktab-internat uchun qo‘shimcha bino va inshootlarni, shu jumladan, 150 o‘rinli yotoqxona va oshxona, 200 o‘rinli qo‘shimcha  o‘quv binosini qurish bo‘yicha taklifi ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar maktab-internatning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

baxshichilik san'ati bo‘yicha o‘quvchilarga chuqurlashtirilgan ta'lim berishni ta'minlash;

o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish;

o‘quvchilarning har tomonlama kamol topishi uchun qulay shart-sharoitlar, shu jumladan, o‘quvchilarning o‘z ustida mustaqil ishlashi va qo‘shimcha bilim olishi uchun imkoniyatlar yaratish;

har tomonlama kamol topgan shaxsni tarbiyalash, unda estetik qadriyatlarni va vatanparvarlikni shakllantirish;

ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va san'at sohasida ilm-fan bo‘yicha erishilgan ilg‘or yutuqlarni tatbiq etish.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

a) 2020 yil 1 iyunga qadar  qadar:

maktab-internatni jihozlash uchun mebel, kompyuter texnikasi, o‘quv-laboratoriya, asbob-uskunalari va sport anjomlarining texnik parametrlarini ishlab chiqadi;

maktab-internatning ustavi tasdiqlanishi va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlaydi;

b) 2020 yil 1 sentyabrga qadar maktab-internatning samarali faoliyat ko‘rsatishi, ularning har tomonlama to‘liq ishlash hamda malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash ishlarini amalga oshiradi;

maktab-internatga 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarni qabul qilishni tashkil etadi;

maktab-internatni darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta'minlash choralarini ko‘radi.