O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Akademik litseylar va professional ta'lim tizimi muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish va ularning mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining:
Akademik litseylar va professional ta'lim tizimidagi ta'lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari hamda o‘quv yordamchi xodimlarining lavozim maoshlarini:
a) 2020 yil 1 yanvardan - 2 baravarga oshirish;
b) 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab - 1,2 baravarga oshirish;
v) 2020 yil 1 yanvardan yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va boshqa xodimlarning lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlarini bir yarim baravar miqdorida qo‘llash;
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta'limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining professional ta'limni innovatsion rivojlantirish tuzilmasiga tegishli boshqarma va bo‘limlarida (malaka oshirish va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi boshqarma va bo‘limlar bundan mustasno) faoliyat ko‘rsatayotgan uslubchi va dasturchi-muhandis lavozimlari negizida bosh mutaxassis va yetakchi mutaxassis lavozimlarini joriy etish, shuningdek, boshqarma (bo‘lim) boshliqlari, bosh va yetakchi mutaxassislarning lavozim maoshlarini mos ravishda oliy ta'lim muassasasi dotsenti, katta o‘qituvchisi va assistenti bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtirish;
Institutning qo‘shimcha ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish asosida ishlab topgan budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Institut xodimlari lavozim maoshlariga 200 foizgacha ustama haq to‘lash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda:
2020 yil 1 yanvardan Ta'lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari hamda texnik, xizmat ko‘rsatuvchi, o‘quv yordamchi va boshqa xodimlarining lavozim maoshlarini belgilashda, mehnatga haq to‘lashning takomillashtirilgan mexanizmini joriy etadi;

















