O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Toshkent shahrida Shinxan universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekistonda Shinxan universiteti (Koreya Respublikasi)ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Belgilanishicha:
Toshkent shahridagi Shinxan universiteti oliy ta'lim muassasasi - yuridik shaxs (mas'uliyati cheklangan shaklidagi nodavlat oliy ta'lim tashkilot) shaklidagi O‘zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga ega, tasarrufidagi mol-mulk bilan o‘z majburiyatlari bo‘yicha javobgar hisoblanadi;
Universitetda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasining davlat ta'lim standartlari talablarini inobatga olgan holda Shinxan universiteti (Koreya Respublikasi) ta'lim dasturlari asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi;
Universitetda ta'lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi;
abituriyentlar qabuli va Universitet bitiruvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Universitet bitiruvchilariga Shinxan universiteti diplomini beradi. Mazkur diplom O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasida oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi;
Universitet o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olgandan so‘ng ta'lim faoliyati bilan shug‘ullanishiga ruxsat etiladi;
Universitetda ta'lim olish ingliz, o‘zbek, va rus tillarida kunduzgi shaklda, to‘lov-kontrakt asosida hamda Universitet bitiruvchilarining potensial ish beruvchilari - yuridik shaxslar tomonidan taqdim etiladigan ta'lim grantlari bo‘yicha, shuningdek, yoshlarning ta'lim olishi uchun avvalo mamlakat hududlari tomonidan ajratiladigan xayriya ehsonlar hisobiga amalga oshiriladi;
Universitet faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib:
respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda kiyim dizayni, moda dizayni, xalqaro turizm menejmenti, hamshiralik ishi, shuningdek talab yuqori bo‘lgan ta'limning boshqa yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash;
















