Bugun, 11 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Transport vazirligi rahbar va mas'ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Ruslan Ro‘zimetov, Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Murodjon Abidov, Texnik siyosatni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Asrorov ishtirok etishdi.
Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, prezidentning 2019 yil 1 fevraldagi Farmoni bilan tashkil etilgan Transport vazirligi O‘zbekiston Respublikasida yagona davlat transport siyosatini yurituvchi davlat organi hisoblanib, unga quyidagi vazifalar yuklatilgan: yagona tarif siyosatini yuritish, xalqaro transport koridorlarini tashkil etish, transport logistika sohasiga axborot texnologiyalarni joriy qilgan holda ularni rivojlantirish, yagona texnik nazoratni yuritish kabilar.
Yangi vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga hududiy transport boshqarmalaridan tashqari, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchi tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Yo‘l qurilish ishlarini nazorat qilish inspeksiyasi, «O‘zaeronavigatsiya» markazi kabi tashkilotlar kiritildi. Bundan tashqari, vazirlik qoshida Transport va logistika muammolarini o‘rganish markazi tashkil etildi.
Vazirlik tomonidan transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining «Transport to‘g‘risida»gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirda mazkur loyiha Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Aholini sifatli avtotransport xizmatlari bilan ta'minlash, ayniqsa qishloq aholi punktlarini shahar, viloyat va tuman markazlari bilan bog‘lash maqsadida, 2019 yilda jami 107ta yangi yo‘lovchi tashish avtomobil yo‘nalishlarini tashkil etish belgilangan bo‘lib, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida respublika bo‘yicha 74ta (rejaga nisbatan 100 foiz) yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etilgan. «Farg‘ona-Andijon», «Farg‘ona-Namangan» va «Farg‘ona-Beshariq» shaharlararo yo‘nalishlarida muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur yo‘nalishlarda «Uzautotrans service» korxonasi 14ta Yutong rusumli zamonaviy avtobuslarida aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni boshladi.
Qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining turli shaharlariga safarga otlanayotgan Toshkent viloyati tumanlari aholisiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida «Uzautotrans service» korxonasi tomonidan joriy yilning 13 sentabr kunidan e'tiboran «Angren-Olmaota», «Chirchiq-Olmaota», «Chirchiq-Chimkent» xalqaro yo‘nalishlarida muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.














