«Suriya demokratik ittifoqi» harbiy alyansini tashkil etgan suriyalik kurdlarning ma'lum qilishicha, o‘tgan ikki kun davomida turklarning hujumlari oqibatida tashkilotning 22 nafar jangchisi halok bo‘lgan.
BMT ma'lumotiga ko‘ra, Turkiya harbiylari bostirib kirgach Suriya shimolida qurshovga olingan Ras al-Ayn va Tal-Abayad shaharlarini 70 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Reuters nashri xabar qilishicha, turk artilleriyasi va Turkiya harbiy-havo kuchlari kurd harbiylarining pozitsiyalarini o‘qqa tutishi yuzdan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.
Xalqaro tashkilotlar tomonidan ma'lum qilinishicha, qochqinlar soni bir necha yuz ming kishiga yetishi mumkin. Xalqaro hamjamiyat rasmiy Anqaradan harbiy amaliyotni to‘xtatishni talab qilib, bosim o‘tkazmoqda.
Amerika isteblishmenti, xususan, Respublikachilar partiyasi rahbariyati Donald Trampdan Turkiyaga qarshi qat'iy sanksiyalar qo‘llashni talab etmoqda.
Fransiya IShIDga qarshi kurashuvchi xalqaro koalitsiyaning shoshilinch yig‘ilishini chaqirishni so‘ragan.
Erdo‘g‘anning po‘pisasi
Yevropa kengashi raisi Donald Tusk Anqaraning harakatlarini tanqid qilishdan to‘xtamayotgan Yevropa Ittifoqi hududiga millionlab qochqinlarni jo‘natish bilan tahdid qilgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni shantaj qilishda aybladi.
«Ey, YeI, uyg‘on. Men yana bir marta takrorlayman: agar siz bu amaliyotni okkupatsiya deb atasangiz, unda eshiklarni ochamiz va 3,6 million qochqinni siz tomonga jo‘natamiz», degandi Erdo‘g‘an payshanba kuni.
Tuskning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Turkiya qochqinlardan foydalanishiga toqat qilib turmaydi.
«Turkiya tushunishi kerakki, biz bu davlatning harakatlari yangi gumanitar falokat olib kelishi mumkinligidan tashvishdamiz. Bunga esa jim qarab turib bo‘lmaydi», degan u.
Turkiya «Tinchlik bulog‘i» deb nomlangan amaliyotidan maqsad shunchaki Suriya bilan chegaralari yaqinida «xavfsiz hudud» tashkil etish va bu joylarga ayni vaqtda Turkiyada yashayotgan qochqinlarni joylashtirish ekanini ta'kidlab kelmoqda.
Anqara Suriya shimolida, Turkiya bilan chegaradagi kurd ayirmachilarini Turkiyaga tahdid soluvchi kuchlar sifatida biladi.



















